1

Aziz Abduhakimov: Talabalarning barchasi chet elda malaka oshirishi, tajriba o`rganishi uchun imkoniyat yaratamiz

Jamiyat 19.01.2019, 09:18
Aziz Abduhakimov: Talabalarning barchasi chet elda malaka oshirishi, tajriba o`rganishi uchun imkoniyat yaratamiz

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, Turizm, ta`lim, sog`liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbari Aziz Abduhakimov zimmasiga Samarqandda o`tgan yil faoliyat boshlagan «Ipak yo`li» turizm xalqaro universiteti rektorligini ham yuklagan edi.

O`zA`ning yozishicha, 18 yanvar kuni Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Aziz Abduhakimov universitet professor-o`qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi.

«Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur universitet mamlakatimizda turizmni rivojlantirishda o`z o`rniga ega bo`lishi kerak, — dedi Aziz Abduhakimov. – Avvalo, bu erda dars berayotgan professor-o`qituvchilarning salohiyati, talabalarning bilimi va intilishi «xalqaro», degan maqomga mos bo`lishi zarur. Universitet uchun qurilayotgan bino, jihoz, axborot-kommunikasiya tizimlari va boshqa sharoitlar hammasi zamon talablari darajasida bo`ladi. Universitet talabalarining xorijiy mamlakatlarda amaliyot o`tashi uchun ajratilgan 30 foizlik kvota kamlik qiladi. Bu boradagi ishlarimizni davom ettiramiz va kerak bo`lsa, talabalarning barchasi chet elda malaka oshirib kelishi, tajriba o`rganishi uchun imkoniyat yaratamiz. Lekin bu harakatlarimiz natija berishi, universitetimizni bitirgan har bir mutaxassis yurtimiz turizmi rivojiga o`z hissasini qo`shishi kerak».

Ochiq muloqot tarzida o`tkazilgan tadbirda universitet o`qituvchilari, talabalar mamlakatda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga ushbu jarayonda yuzaga kelayotgan muammollar va ularning echimi yuzasidan o`z taklif va tashabbuslarini bildirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1