1

O`zbekiston aholisi bir yilda qariyb 600 ming kishiga o`sdi

Jamiyat 19.01.2019, 09:30
O`zbekiston aholisi bir yilda qariyb 600 ming kishiga o`sdi

O`zbekiston Respublikasi doimiy aholisi soni 2019 yil 1 yanvar holatiga 33254,1 ming kishini tashkil etib, 2018 yilda 597,4 ming kishiga yoki 1,8%ga o`sdi. Bu haqda Davlat statistika qo`mitasi xabar bermoqda.

Jumladan, shahar aholisi soni 16805,0 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,5%), qishloq aholisi soni 16449,1 ming kishini (49,5%) tashkil etgan.

2018 yil yanvar-dekabr oylarida aholi soni 597,4 ming kishiga ko`paydi. Tirik tug`ilganlar soni 768,3 ming nafarni tashkil etdi, 154,7 mingta vafot etganlar qayd etildi. FHDYo bo`limlarida 311,4 mingta nikoh va 32,3 mingta ajralishlar ro`yxatga olingan.

Aholi zichligi bo`yicha tahlillar shuni ko`rsatganki, O`zbekiston Respublikasi bo`yicha 1 kv.km.ga 74,1 kishi, aholining eng zich joylashuvi Andijon (1 kv.km.ga 713,2 kishi), Farg`ona (544,8 kishi), Namangan (370,0 kishi) viloyatlariga to`g`ri kelgan bo`lsa, aksincha holat Navoiy viloyati (8,8 kishi) va Qoraqalpog`iston Respublikasiga (11,2 kishi) to`g`ri kelmoqda.

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, 2019 yil 1 yanvar holatiga respublika doimiy aholi sonining 30,3%i mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 59,5%i mehnatga layoqatli yoshdagilar va 10,2%i mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to`g`ri kelmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1