1

"O`tgan kunlar" — endi ingliz tilida

Jamiyat 19.01.2019, 09:55
"O`tgan kunlar" — endi ingliz tilida

Poytaxtimizdagi "International Hotel Tashkent" mehmonxonasida buyuk adib Abdulla Qodiriy qalamiga mansub "O`tgan kunlar" romanining ingliz tilidagi tarjimasi taqdimoti o`tkazildi.

Islom Karimov fondi tashabbusi bilan Fransiyaning Nouveau Monde Editions nashriyotida zamonaviy poligrafiya talablari asosida chop etilgan mazkur kitob angliyalik tarjimon va adabiyotshunos Kerol Ermakova tomonidan ingliz tiliga o`girilgan. Taqdimot O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 81 yilligiga bag`ishlandi.

Ma`lumki, "O`tkan kunlar" o`zbek tilida yozilgan birinchi roman bo`lib, joriy yilda uning dastlabki boblari yozila boshlaganiga 100 yil to`ladi. Asarda Otabek va Kumush muhabbati XIX asr o`rtalarida mamlakatimizda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar fonida ko`rsatib berilgan. Ayni paytga qadar asar rus, nemis, turk, tojik, qozoq, turkman va boshqa ko`pgina tillarga tarjima qilingan. Asarning ingliz tilidagi ilk tarjimasi endi amalga oshirildi.

Taqdimot marosimida mamlakatimizning bir qator madaniyat va san`at arboblari, adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar ishtirok etishdi. Taqdimot avvalida Islom Karimov fondi rahbari Lola Karimova-Tillaevaning mazkur nashr munosabati bilan o`quvchilarga yo`llagan murojaati o`qib eshittirildi.

“O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktorining birinchi o`rinbosari Shuhrat Rizaev, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O`zbekison Xalq artisti Gulchehra Jamilova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Gulchehra Sa`dullaeva va boshqalar mazkur asarning o`zbek xalqi madaniy hayotida tutgan o`rni, ushbu asar asosida suratgan olingan filmning yaratilish jarayoni, tarjima nashrining adabiyotimiz targ`ibotidagi ahamiyati xususida to`xtalib o`tdilar.

Tadbirda taniqli san`atkorlar ijrosidagi kuy-qo`shiqlar ishtirokchilarni xushnud etdi. Taqdimot so`ngida ishtirokchilarga “O`tkan kunlar” romanining o`zbek va ingliz tilidagi nusxalari tuhfa etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1