AsosiyJamiyat

Bog`chalarda qo`shimcha pullik xizmatlar yo`lga qo`yiladi

'Bog`chalarda qo`shimcha pullik xizmatlar yo`lga qo`yiladi'ning rasmi

Davlat maktabgacha ta`lim muassasalarida qo`shimcha pullik ta`lim-tarbiya xizmatlari ko`rsatish faoliyatini tashkil etish tartibi to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.

Nizomga muvofiq, maktabgacha ta`lim muassasalari tomonidan quyidagilar bo`yicha qo`shimcha pullik xizmatlar ko`rsatilishi mumkin:

-dam olish kunlari va maktabgacha ta`lim muassasasida ish kuni yakunlangandan keyin bolani parvarishlash, unga qarab turish, uni o`qitish;

- o`quv dasturdan tashqari sport-sog`lomlashtirish (karate, taekvondo, suzish, shaxmat, shashka, gimnastika, massaj va boshqalar) to`garaklari, badiiy-estetik (xor, raqs, tasviriy san`at va hokazolar) to`garaklar, fanlar bo`yicha to`garaklar (chet tillari, matematika, aqliy arifmetika, mantiq, informatika va boshqalar).

Mazkur hujjatga ko`ra, qo`shimcha xizmatlarning narxlar preyskuranti maktabgacha ta`lim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Maktabgacha ta`lim muassasasida tashkil etilgan qo`shimcha xizmat ko`rsatuvchi guruhlarga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo`lgan bolalar qabul qilinishi mumkin.

Buning uchun farzandi qo`shimcha xizmat ko`rsatuvchi guruhlarda tarbiyalanishini istagan ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar tegishli maktabgacha ta`lim muassasasiga ariza bilan murojaat qiladi hamda ular o`rtasida shartnoma tuziladi.

Qo`shimcha xizmat ko`rsatuvchi guruhlarda bolalarning soni 25 nafardan ortiq bo`lishiga yo`l qo`yilmaydi.

    Boshqa yangiliklar