1

Adliya vazirligi: Notariuslarning 10 foizi talabga javob bermaydi

Jamiyat 20.01.2019, 15:57
Adliya vazirligi: Notariuslarning 10 foizi talabga javob bermaydi

Adliya vazirligi har yarim yilda notariuslarning ish faoliyati sifatini baholash tizimini yo`lga qo`ydi. Bu haqda «Daryo»ga Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.

Bundan ko`zlangan maqsad tizimda xalqqa xizmat ko`rsatish sifati va tezkorligini oshirish, ular faoliyatidagi kamchilik va muammolarni tuzatish hisoblanadi.

Notariuslarning 2018 yil II yarim yillik faoliyatini baholash “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi ma`lumotlar asosida avtomatik tarzda amalga oshirildi.

Baholash natijalari ko`ra jami 635 nafar notariuslardan 21 nafari faoliyati “a`lo”, 341 nafari faoliyati “yaxshi”, 209 nafari faoliyati “qoniqarli” deb baholandi.

Baholash reytingida (maksimal 100 ball) dastlabki 3 ta eng yuqori o`rinni egallagan notariuslarning ikki nafari Toshkent shahrida va bir nafari esa Navoiy viloyatida ishlaydi:

Aziza Shuxratovna Shanazarova — Toshkent shahar, Mirobod tuman 9-son DNI notariusi — 91 ball;

Fozilxodja Xashimxodjaevich Nabiev — Toshkent shahar, Olmazor tuman 11-son DNI notariusi — 90 ball;

Ikrom Eshmirzaevich Isaev — Navoiy viloyati, Nurota tuman DNI notariusi — 90 ball.

Reytingda faoliyat yuritayotgan notariuslarning 10 foizi (64 nafari) “talabga javob bermaydi” deb baholangan. Ularning 38 nafari Andijon viloyatida, 8 nafari Qashqadaryoda, 6 nafari Farg`onada, 4 nafari Toshkent shahrida, 3 nafari Samarqand, 2 nafardan Namangan, Xorazmda hamda 1 nafari Sirdaryo viloyatlariga to`g`ri keladi.

Adliya vazirligi tomonidan ish faoliyati “a`lo” deb topilgan notariuslarni rag`batlantirish va “talabga javob bermaydi” deb baholangan notariuslar faoliyatini yaxshilash choralari ko`riladi.

Reytingning to`liq ro`yxati bilan www.minjust.uz (http://www.minjust.uz/uz/press-center/announcement/93698/) sayti orqali tanishishingiz mumkin.

Endilikda, vazirlik tomonidan notariuslar faoliyatini bevosita fuqarolar tomonidan notarial xizmatlarni olish vaqtida baholash tizimini joriy etish bo`yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur tizimni joriy etish bo`yicha takliflaringizni info@minjust.gov.uz elektron pochtasiga yoki @qonunchilikbot telegram botiga yo`llashingiz mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1