"O`zbekistonga halokatli virus xavf solmaydi" deydi O`zbekiston havo yo`llari Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori San`at ShOUMAROV.
Butunjahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumot berishicha, 5 oktyabr holatiga ko`ra, Ebola virusi qurbonlari soni 3879 kishiga etdi. Kasallanganlar soni 8033 kishini tashkil qildi. 8 oktyabr kuni virus bilan kasallangan bemor ilk bor AQShda ro`yxatga olindi. AQSh aeroporti mamlakatga kirib kelayotgan har bir yo`lovchini tekshirishni boshladi. Yuzlab mamlakatdan reys qabul qilayotgan O`zbekiston aeroportlarida qanday choralar ko`rilmoqda?
Ushbu xavfli virus O`zbekistonga ham xavf solishi mumkinmi, degan savol ko`pchilik yurtdoshlarimizni qiziqtirishi tabiiy. Bunga oydinlik kiritish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligiga qarashli O`zbekiston havo yo`llari Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori San`at ShOUMAROVga murojaat etdik.
Aeroportlar kechayu kunduz nazoratda
Bugungi kunda Sog`liqni saqlash vazirligi DSENM Sanitariya nazorati bo`limi milliy aviakompaniya aeroportlariga kirib kelayotgan xalqaro reyslarni sutkasiga 24 soat davomida nazoratdan o`tkazishmoqda. Bundan asosiy maqsad yurtimizga o`ta xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishiga yo`l qo`ymaslikdir.
Kasallanganni rang aniklab beradi
Xususan, bugungi kunda har bir xalqaro reys yo`lovchilari termometriyadan o`tkaziladi. Termometriya tekshiruvi teplovizor va pirometr uskunalari yordamida amalga oshiriladi. Ya`ni aeroportlarda o`rnatilgan teplovizor uskunasi bir vaqtning o`zida kamera orqali 300 nafargacha yo`lovchini kuzatib, isitmasi bor bemorlarni maxsus rang yordamida aks ettiradi. Termometriya yo`lovchilarda vahima uyg`otmasligi uchun bu jarayon bilintirmagan holda amalga oshiriladi. Tekshiruv natijasida gemorragik isitma aniqlangan yo`lovchi chetga chaqirilib, suhbatga tortiladi hamda uning anamnezi, ya`ni qanday muddatda, qaysi davlatlarda bo`lgani o`rganiladi. Suhbat chog`ida yo`lovchida Ebola bezgagi borligi taxmin qilinmasa, unga o`z yo`lida davom etishga ruxsat beriladi.
Ebola taxmin kilinsa-chi?..
Harorati bor bemor surishtirilganda uning epidemiya o`chog`ida bo`lgani aniqlansa, vazirlikning maxsus buyrug`i bilan Virusologiya institutining navbatchilikda turgan mutaxassislari tekshiruvidan o`tadi, ularning xulosalariga qarab, gumondor yo`lovchi Virusologiya institutiga jo`natiladi hamda maxsus bokslarga joylashtiriladi.
Nazoratchilar xam ximoyalanganmi?
Ushbu kasallik havo-tomchi yo`li bilan yuqmasligi sababli tekshiruv o`tkazayotgan xodimlarga xavf solmaydi, kasallik faqat bemor organizmining suyuqliklari bilan to`g`ridan-to`g`ri jismoniy aloqada (qon, ajralmalar, peshob, urug` suyuqligi, najas, ona suti hamda organlar) yoki kasallangan hayvonlar (masalan, ko`rshapalak, maymun, antilopalar) orqali yuqishi mumkin.
Bemor parvoz paytida aniqlansa...
Ekipaj parvoz paytida kuzatuv olib boradi, biror shubhali vaziyat sezilsa, bemor izolyasiya qilinadi hamda parvoz paytining o`zidayoq erdagilarga xabar beriladi.
Eboladan qanday saqlanish mumkin?
Ebola havo-tomchi yo`li bilan yuqmaganligi bois uning yuqish ehtimoli past. Kasallikni yuqtirish uchun kasallangan shaxs bilan bevosita muloqotda bo`lish kerak. Shu sababli kasallik asosan G`arbiy Afrikadagi bemorlarning yaqinlariga va ularga yordam berayotgan shifokorlarga yuqadi. O`z-o`zidan kelib chiqadiki, kasallikdan saqlanish uchun bezgak tarqalgan hududlarga borishdan va bemor bilan aloqada bo`lishdan saqlanish zarur.
Bu muxim
Ebola bugungi kunda insoniyatga xavf solgan eng yirik epidemiya, deya tan olindi. U bilan kasallanganda o`lim darajasi 60-90% tashkil qiladi.
Suhbat so`nggida San`at Shoumarov yurtimizning barcha aeroportlarida har bir bemor sinchkovlik bilan tekshirilishi, shu sababli O`zbekistonga ushbu halokatli virusning kirib kelish xavfi nolga tengligini ta`kidlab o`tdi.
Laylo RUSTAMOVA yozib oldi





