“Ikki avlod” sahifasining navbatdagi soniga ko`pchilik mushtariylarimizning talab va istaklarini inobatga olgan holda “Nihol” mukofoti sovrindori Ziyodani taklif etdik. Loyihada jurnalist sifatida ishtirok etayotgan aktyor, O`zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa`dullaev xonanda Ziyodani san`atga endigina qadam qo`ygan vaqtlaridanoq yaxshi bilgani uchun u bilan suhbatlashish qiyin bo`lmadi.
Lutfulla Sa`dullaev, O`zbekiston xalq artisti:
— Ziyoda qo`shnimning jiyani. Unikiga tez-tez kelib turardi. Har ko`rganimda turmush o`rtog`im Gulchehraning yoshligiga o`xshataverardim. Bu qizaloq ko`z o`ngimizda ulg`aydi. Bugun san`atda ham, shaxsiy hayotda ham o`z o`rnini topganini ko`rib quvonaman.
L.S: Yaqinda benzin olish shoxobchasiga kirsam, konsert bannerlaringga ko`zim tushdi. To`g`risi, ismingni yozib qo`ymaganida umuman tanimasdim. Ziyoda ham plastik operasiya qildiribdi shekilli deb o`ylagandim. Ko`rib turibmanki unday emas.
Z: (kulib) Yo`g`-e, plastik operasiyaga muhtojligim yo`q. Siz aytgan gapni ko`pchilikdan eshitdim. Pardoz ustalari, fotograflar biroz o`zgarishimni istashdi. Pardozni boshqacharoq qilishgani uchun ham ko`rinishim butkul o`zgargan.
L.S.: Bugungi kundagi xonandalarning konsert dasturlari bir-birlarinikidan deyarli farq qilmay qo`ygan. Qo`shiqlarni aytmasa, dastur bir xil. Eski qo`shiqlar, odamlarga tanish bo`lgan chiqishlar. Seni ham konserting shunday bo`lsa kerak?
Z.: Savollaringiz juda o`tkir-ku, “doda”! (kulgi ko`tarildi). Konsertimga juda katta tayyorgarlik ko`ryapmiz. Yangi raqslar, har bir qo`shiqqa mos sahna chiqishlari ustida ishlanyapti. Bundan tashqari ko`p yangi qo`shiqlar tayyorlayapmiz. Bu gal ham konsert masalasida o`z ishining eng professionallariga murojaat qildik.
L.S.: Meni bir savol doim o`ylantiraveradi. Seningcha har yili konsert qo`yish shartmikan?
Z.: (o`ylanib) Bu albatta san`atkorning xohishiga va muxlislarning talabiga bog`liq. Bu borada aniq to`xtamga kelmaganman.
L.S.: Jonli ijroda kuylay olishingni bilaman. Nega konsertingni 100 foiz jonli qo`ymaysan.
Z.: Konsertimizni jonli ijroda qo`yish haqida juda ko`p o`yladim. Hech ikkilanmay ayta olamanki jonli ijroda bemalol kuylayman. Konsert borasidagi ikki yillik tanaffusdan keyin tavakkal qilmoqchi emasman. Chunki kichik davralar, xalq xizmatlarida jonli ijroda kuylash bilan minglab kishilar qarshisida kuylashning farqi bor. Buni siz mendan ko`ra yaxshi bilasiz. Hozir o`nga yaqin qo`shiqlarni jonli ijroda kuylashga tayyorgarlik ko`ryapmiz. Va`da berib aytamanki, kelasi yil konsertimni jonli ijroda taqdim etaman.
L.S.: Nuriddin Hamroqulovning “Ajab sirlar” qo`shig`ini juda chiroyli aytgansan. Menimcha, senga ayni shu yo`nalish juda yarashadi. Lekin o`zingga yarashmagan qo`shiqlaring, kliplaring ko`payib ketyapti.
Z.: Sizning gapingizda ham jon bor, lekin yoshlar auditoriyasini ham unutib qo`ymasligimiz kerak. Zamonaviy qo`shiqlarim bilan ulg`ayayotgan yoshlarni estrada orqali milliy qo`shiqlarimizga ham o`rgatishimga ko`zim etadi.
L.S.: Ovoz imkoniyatlaringdan to`liq foydalanmasligingni tan olasanmi?
Z.: Siz san`atkorsiz, bizning ishimizni boshqalarga qaraganda yaxshi tushunasiz. Tan olishimiz kerak san`atkorlarning asosiy daromadi xalq xizmatlaridan, to`ylardan. To`yda esa ko`proq sho`x qo`shiqlarni kuylashimizni talab qilishadi. San`atkor sifatida har ikki tarafning ko`ngliga yo`l topish mening aso-siy vazifam.
L.S.: Ota-onang seni o`qitishgan, san`atda o`z yo`lingni topishingga ancha ko`mak berishgan, orzularing yo`lida ancha elib-yugurishgan. Shuning evaziga xalq suygan san`atkor bo`lib etishding. Tabiiyki, boshqa san`atkorlar kabi sen ham farzandingga vaqt ajratolmaysan. Kun kelib farzanding sendek inson bo`la olarmikan?
Z.: (kulib) Hozir yig`lab yuboraman, meni bu savol bilan qiynamang. Ota-onam kabi farzandimga e`tiborli bo`la olmayotganim aniq. Farzandimni enagaga bermadim, ishda bo`lgan vaqtlarim opam, onam qarab turishadi. Ishdan kelishim bilan uyga olib chiqib bag`rimga bosib yotaman. Onalik mehrim o`tsin deyman. 23 oktyabrda bir yoshga to`ladi.
L.S.: Katta qizim Gulira`no es-hushini tanigach, Gulchehraga “Sizlarni mehringizga to`ymaganman” degandi. Haligacha bu gapni eslasam, titrab ketaman.
Z.: Meni bunaqa qo`rqitmang. Ishimiz shu bo`lgandan keyin na iloj? Lekin aqlini tanib, unga eng kerak paytlarimda yonida bo`lishga, onalik mehrimni berishga harakat qilaman.
L.S.: Hamma san`atkorlar tanaffus qilishdan cho`chimayman, deyishadi, aslida esa bir oy hech kim yo`qlamasa bormi, tahlikaga tushib qolishadi. Sen ham farzandli bo`lgach, tanaffussiz ishlashingni e`lon qilding. Nima deb o`ylaysan, qilayotgan qurbonliklaring shunga arziydimi?
Z.: Tanaffus qilishdan cho`chimayman demayman. Chunki barcha erishganlarimning ortida tinimsiz mehnat yotibdi. Shuning uchun ham farzandli bo`lganimdan keyin 18 kun o`tib, ishga chiqib ketdim.
L.S.: Juda uzoq tanaffus qilibsan-ku? (kulgi ko`tarildi).
Z.: Avvaldan olib qo`yilgan xalq xizmatlari, konsert dasturlari bor edi. Ularni qoldirishning iloji yo`q. Kuch-quvvatim bor, salomatligim joyida ekan, ishlaganim yaxshi deb chilla saqlamadim.
L.S.: Oilada kim rashkchi?
Z.: (kulib) Ha, sizam qanday savol berishni bilasiz.
L.S.: Agar turmush o`rtog`ing o`ta rashkchi bo`lsa, menga ayt, o`zim urishib qo`yaman.
Z.: (turmush o`rtog`iga qarab) Hamma oilada rashk bo`lishi kerak, menimcha, bo`lganiyam yaxshi-da. Biz ayollar rashksiz yasholmaymiz, axir. Lekin turmush o`rtog`imda ham rashk chakana emas. Ochig`ini aytishim kerak: bugungi yutuqlar, oilamning tinchligi, san`atimning bir maromda ketayotgani turmush o`rtog`imning yordami va menga bo`lgan ishonchi evaziga.
L.S.: Sen haqingda ig`vo tarqatadigan odamlarga munosabating qanday?
Z.: San`at olamida bunday narsalar juda ko`p bo`larkan. Ko`raverganingiz sari ko`zingiz pishib, ko`plariga e`tibor ham bermaydigan bo`lib qolarkansiz. Yosh bo`lishimga qaramay, yaqin do`st, dugonalarimdan juda ko`p pand edim. Oradan vaqt o`tgach, hammalari bilan yana aloqalarni tikladim. Lekin singan kosani chegalasang ham baribir izi qoladi, deganlaridek, yuragimda o`sha ig`volarning izi qolgan.
L.S.: Singling ham qo`shiq kuylayapti, deb eshitdim. Xalqimizda “Bir qozonda ikki qo`chqorning boshi qaynamaydi” degan maqol bor. (kulgi ko`tarildi)
Z.: Qozon katta bo`lsa qaynayverarkan. Shaxsan men uning ijodi borasida hali aniq fikr aytolmayman. O`zi she`r yozib, studiyalarni topib borib qo`shiqlar yozyapti, harakat qilyapti. Hozircha hech narsaga aralashayotganim yo`q. Hozirdan hamma narsani qilib berib, ishtiyoqini so`ndirib qo`ygim yo`q. San`at shunchalar oson narsa ekan, degan fikrga kelib qolishini ham istamayman. Ustiga-ustak dadam uning san`atkor bo`lishiga qarshi.
L.S.: O`qishni tashlaganding. Oila qurding, farzandli ham bo`lding. Balki o`qishni tiklashni vaqti kelgandir?
Z.: Faktsiz savol berish yaxshimas o`rtoq jurnalist! (kulib). E`tiboringiz uchun o`qishimni tiklab, yana davom ettiryapman. Diplomimni olganimda, uyda bir osh damlab Gulchehra opam ikkingizni taklif qilaman.
L.S.: Ko`ramiz, bu va`dangni ustidan qachon chiqarkansan? Muhimi, xalqingni ardoqla, chin dildan mehnat qil. Shunda baraka topasan! Konsertingga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Z.: Rahmat. Siz ham sog` bo`ling!
— Sa`dullaevlar oilasini juda hurmat qilaman. To`g`risi, kelajakda ulardek baxtli oilaning bekasi bo`lsam deyman. Lutfulla aka bilan suhbatimiz juda samimiy ruhda kechdi. Oilaviy suhbat bo`ldi, desam adashmayman. Eng asosiysi, har bir savolni san`atkorga oson emasligini tushunib tayyorlagan.
Loyiha muallifi: Qamariddin Shayxov
Fotomuxbir: Xumoyun Salomov