Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan soliqlarni o`z vaqtida to`lab kelayotgan insofli tadbirkorlarni rag`batlantirish, sog`lom raqobat muhitiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish hamda istemolchilarning haqli e`tirozlariga sabab bo`layotgan noqonuniy savdo faoliyatiga chek qo`yish maqsadida keng qamrovli monitoring o`tkazilmoqda.
Jumladan, poytaxtimizning O`rikzor, Chilonzor buyum bozori, Qatortol savdo kompleksi va Chorsu bozorlarida o`tkazilgan monitoring jarayonida 127 holatda to`lov terminallaridan foydalanmaslik, 104 holatda nazorat kassa mashinalarini ishlatmaslik, 77 holatda hujjatsiz faoliyat yuritayotganligi va 3 holatda iste`molchilarga sifatsiz mahsulotlar sotilayotganligi aniqlandi.
Monitoring davomida naqd pul tushumlarini bank kassalariga topshirmaslik, nazorat kassa mashinasini nosoz holatga keltirish, fiskal xotiradagi ma`lumotlarni qasddan o`zgartirish, nazorat kassa mashinalarini yo`qotish orqali tovar aylanmalari to`g`risidagi ma`lumotnomalarni soxtalashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo`lishi tushuntirilmoqda.
O`rikzor bozorida 13 nafar tadbirkorning faoliyatida o`tkazilgan xronometraj (ko`zdan kechirish) tadbirida joriy yil yanvar oyining o`tgan 20 kunida o`rtacha tushum 14,6 mln. so`mni tashkil etgan bo`lsa, o`rganish kunida bir kunlik tushum 112,5 mln. so`mni ya`ni, oldingi kunlarga nisbatan qariyb 8 baravarga oshdi. Masalan, ushbu hududda savdo faoliyatini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkor O.Salimov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) bank kassasiga kuniga o`rtacha 551,1 ming so`m savdo puli topshirib kelgan bo`lsa, xronometraj ko`zdan kechirish tadbiri o`tkazilgan kuni tushum 8030,3 ming so`mni tashkil etib, oldingi kunlarga nisbatan 15 baravarga oshgan.
Eslatib o`tamiz, to`lov terminali va nazorat kassa mashinalarini belgilangan tartibda ishlatmaganlik uchun Soliq kodeksining 119-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining 30 baravaridan 50 baravarigacha, to`lov terminali orqali to`lovlarni qabul qilishni rad etish eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida hamda Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan, savdodan tushgan naqd pul mablag`larini bank kassalariga topshirmaslik, yashirilgan summaning 20 foizi miqdorida jarima hamda soliqlarni to`lashdan bo`yin tovlash, deb baholanadi.
Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan “Soliq xizmati – insofli soliq to`lovchilarning ishonchli hamkori” degan maqsadli vazifani so`zsiz bajarish yuzasidan o`tkazilayotgan bu kabi monitoringlar davom ettiriladi.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi.






