Germaniyada tajribamni oshiryapman. Muntazam yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlarni kuzatib boraman. Ayniqsa, sohamdagi o`zgarishlar meni juda quvontiradi.
Ushbu islohotlar boshida turgan muhtaram Prezidentimizning biz yoshlar va Vatanimiz kelajagi uchun tinimsiz qayg`urayotganlari meni ham o`zimni qiynab bo`lsada, qattiq izlanishga va yurtimizga yangi g`oyalar bilan kirishga undamoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tashriflarini juda kutgandik. Ammo yurtboshimiz bilan ko`rishishimizga bo`lgan ishonchimiz juda kam edi. Lekin Berlindagi o`zbek yoshlarini O`zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi Umumjahon yoshlar assosiasiyasi birlashtirdi. Hammamiz birlashib Prezidentimizni kutib oldik.
Uchrashuv davomida muhtaram Prezidentimiz biz bilan juda samimiy suhbat qildilar. Suhbat davomida biz kabi xorijda ta`lim olib yurgan yoshlarga bo`lgan e`tiborlari bizni quvontirdi.
Biz yoshlarni har doim, hattoki shu tashrif yakunidayoq birga olib ketishga tayyor ekanliklarini bildirganlarida Vatanimiz uchun naqadar kerakligimizni his qildik. Yurtimizga, Prezidentimizga ishonchimiz ming baravar oshdi.
Nafaqat bu so`zlar yuksak ishonch, balki juda katta kuch, motivasiya va qattiq mehnat qilish uchun ilhom berdi. Uchrashuvdan so`ng barcha yoshlar o`zida yo`q xursand edi. Kelajakda yurti uchun ushbu rivojlangan davlatda tajriba orttirish niyatida kimdir kutubxonaga, kimdir ustozi oldiga, kimdir laboratoriyaga yo`l oldi.
Ushbu tashrifni biz uzoq yillar unutmaymiz. Qalbimizda Ona Vatan sog`inchi yanada kuchaydi. Maqsadimiz qat`iy bo`ldi.
Vatanimga, albatta qaytaman va uning taraqqiyoti uchun Prezidentim yonida turib mehnat qilaman.
Asliddin Bobochev,
Humboldt universitetining
Qishloq xo`jaligi iqtisodiyoti yo`nalishi magistranti
22.01.2019. Berlin.






