Germaniya poytaxti Berlinda Qishloq xo`jaligi vazirligi, qishloq xo`jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasi hamda Germaniyaning "Bundessortenamt" qishloq xo`jaligi ekinlarini sinash bo`yicha nemis federal markazi bilan hamkorlikda ikki mamlakat iqlimiga mos yuqori hosilli, sifatli navlarni ishlab chiqarish hamda bu borada O`zbekistonga Germaniya tajribasini qo`llash masalalariga bag`ishlangan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda Germaniyaning ilg`or tajribasi va texnologiyalarini jalb etish muhim ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi.
- Biz Germaniyaning ishonchli sherigi bo`lishni xohlaymiz. O`zbekistonda esa aynan qishloq xo`jaligi sohasini rivojlantirish uchun ko`plab imkoniyatlar mavjud. Biz qishloq xo`jalik ekinlari navlarini sinashda ilk marotaba Germaniya bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Kelajakda nemis tajribasini o`rganish hamda uni yurtimizda qo`llash biz uchun muhim, dedi biz bilan suhbatda qishloq xo`jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasi raisi o`rinbosari Mirjamshid Murtalibov.

O`z navbatida, Germaniya qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat vazirligining Milliy va xalqaro darajali muvofiqlashtirish markazi koordinatori doktor Stefan Xaffke O`zbekiston bilan bu yo`nalishda yangi kelishuvga erishishga tayyor ekani, kelgusida hamkorlikka oid memorandum imzolanishi kutilayotganini qayd etdi.

Ma`lumot uchun, qishloq xo`jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasi 1937 yilda tashkil etilgan bo`lib, barcha ekin navlarini respublikamizning turli iqlim-tuproq sharoitlarida belgilangan uslublar asosida holis sinov ishlarini olib borib, yuqori hosilli, ertapishar, kasallik va zararkunandalarga chidamli, mahsulot sifati yuqori bo`lgan navlarni tanlab olib, ishlab chiqarishga joriy etadigan tashkilotdir.







