Andijon viloyatida 47,3 million so`mni o`zlashtirib yuborgan fuqaro qo`lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Inspeksiyaning Izboskan tuman bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tekshirishda, fuqaro N.M. tumandagi uchta suv iste`molchilari uyushmalarida ma`lum muddat hisobchi vazifasida ishlab kelgan holda mansab vakolatini suiiste`mol qilib, aslida korxonada ishlamagan jami 6 nafar shaxslarning mehnati to`g`risida soxta tabellar tuzib, shu asosda ularga ish haqi to`lab borib, o`ziga ishonib topshirgan.
Xabarda aytilishicha, ushbu fuqaro ixtiyorida bo`lgan 47,3 million so`m pulni o`zlashtirganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro N.M.ga nisbatan O`zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






