AsosiyJamiyat

Oltinko`lda MFY xodimi pora bilan qo`lga tushdi

'Oltinko`lda MFY xodimi pora bilan qo`lga tushdi'ning rasmi

Mansab insonga mas`uliyat yuklaydi. Har bir vazifa ortida inson taqdiri mujassam. Buni, ayniqsa, mutasaddi idoralar vakillari unutmasliklari kerak. Afsuski, oramizda zimmasidagi mas`uliyatli vazifaga xiyonat qilib, o`z vakolatidan foydalanmoq istagidagi g`araz niyatli kimsalar ham yo`q emas.

Ana shundaylardan biri Oltinko`l tumanining “Ko`makay” mahalla fuqarolar yig`ini xodimi (surishtiruv ishlari davom etayotganligi bois ismi sharifi va vazifasi sir tutilmoqda) fuqarodan farzandiga to`lanadigan 2 yoshgacha bo`lgan nafaqa pulini to`xtatmaslik uchun pora talab qildi.

Shundoq ham moddiy ta`minotga muhtoj fuqaro endi dardini kimga aytsin? So`ralgan mablag`ni berishga qurbi etsa, farzandi uchun nafaqa puliga qarab o`tirarmidi? O`ylay-o`ylay, kalavaning uchini topolmagan fuqaro mutasaddi idoraga murojaat qildi.

Olib borilgan tezkor tadbir chog`ida mas`ul shaxs fuqarodan 200 ming so`m miqdoridagi pulni pora sifatida olayotgan paytida tezkor vakillar tomonidan ushlandi, deb xabar bermoqda "Xalq so`zi" nashri.

Mahalla hukumatning eng quyi tizimi bo`lib, korrupsiyaga qarshi kurash aslida aynan mana shu maskandan ildiz otishi kerak. Bunday bo`lmas ekan, oldimizga qo`ygan maqsadlarimiz yo`lida topganimiz faqat sarob bo`lib qolaveradi.

    Boshqa yangiliklar