22 yanvar kuni “Hi China” dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasidan 38 nafar talabalarbilan birga 7 nafar kuzatuvchi doktor va professorlar O`zbekistonga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif doirasida “Yosh sardor X” loyihasiga start berilib,xitoylik va o`zbekistonlik talabalar o`rtasida do`stlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Loyiha ikki davlat talabalari o`rtasida ta`lim, turizm va innovasion texnologiya yo`nalishlarida o`zaro tajriba almashinuvi maydonini yaratadi.
23 yanvar kuni O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da “Yosh sardor X” loyihasining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o`rinbosari Alisher Sa`dullaev, Xitoy Xalq Respublikasining favqulotda va muxtor elchisining o`rinbosari Chjan Venchuan hamda delegasiya a`zolari qatnashdi.
—2018 yilning 1 sentyabr kuni O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda “Hi China” dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi o`rtasida o`zaro hamkorlik memorandumi imzolangan. Bugungi tashrif esa ushbu memorandum ijrosi yuzasidan olib borilmoqda, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Xalqaro aloqalar bo`limi mudiri Munisa Nurmatova —O`zaro hamkorlikda o`tkazilayotgan “Yosh sardor X” loyihasida xitoylik talabalar 6 guruhga bo`lingan holda o`zbekistonlik talabalar bilan yoshlar turizmini rivojlantirish, ta`lim sohasida innovasiyalar yaratish va O`zbekistonga Xitoy investisiyasini kiritish bo`yicha o`z bilim va ko`nikmalarini bo`lishadi.
Tadbirda “Hi China” dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi faoliyatihaqida prezentasiya namoyish etilib, O`zbekistonga Xitoy investisiyasini kiritish bo`yicha fikr-mulohazalar yuritildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori Aktam Jalilov “O`zbekistonning milliy sharoiti va rivojlanishi” mavzusida ma`ruza qildi. Xitoydan tashrif buyurgan proffesor Vang Chao O`zbekistonda biznesni rivojlantirishga oid ma`ruza bilan ishtirok etdi.
—O`zbekistonda bir necha bor bo`lganman. Bu erda yuritilayotgan yoshlar siyosati menda katta qiziqish uyg`otgan. Loyiha orqali O`zbekiston va Xitoy aloqalarini mustahkamlash, Xitoy tajribasini hamkor mamlakatda ham tatbiq etishni ko`zlaganman, – deydi “Hi China“ dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi ijrochi prezidenti Si Lyu.
1 fevralga qadar davom etuvchi loyihada delegatlar tomonidan “Amaliy tadqiqotlar va siyosat tuzilmalari” hamda “O`zbekiston – Xitoy munosabatlari” mavzusida atroflicha ma`lumot beriladi.
Bundan tashqari xitoylik talabalar Toshkent va Samarqand shaharlarida bo`lib, yoshlar masalalariga qaratilgan islohotlar, yangiliklar va yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtiriladi. O`zbekistonning eng diqqatga sazovor tarixiy obidalariga sayohat tashkillashtirilib, milliy hunarmandlik na`munalari namoyish etiladi.
Shahnoza Nurullaeva






