O`zbek sirk san`atini yanada rivojlantirish va “O`zbek davlat sirki” davlat muassasasi faoliyatini qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 aprelgacha "O`zbek davlat sirki" davlat muassasasini investorlarga berish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.
Samarqand, Farg`ona va Xiva shaharlarida 500-700 o`ringa mo`ljallangan sirklar tashkil etiladi.
Qaror bilan, 2019-2020 yilllarda o`zbek sirk san`atini yanada rivojlantirish hamda “O`zbek davlat sirki” faoliyatini qo`llab-quvvatlash bo`yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.
Mazkur reja quyidagilarni nazarda tutadi:
- 2020 yilgacha sirk tomoshalari sonini kamida 500 tagacha, 2022 yilgacha esa 1000 tagacha etkazish;
- 2019 yil oxirigacha sirk zalining tomoshabinlar bilan to`lish darajasini kamida 60 foizga va 2022 yilga borib 75 foizga etkazish;
- Fransiyaning "Cirque du Soliel", Xitoyning "Chang Long" xalqaro sirki, Rossiyaning "Moskva sirki", "Moskva katta sirki"larining gastrollarini respublikamizda tashkil etish.
Endilikda Monte-Karlo va Budapesht xalqaro sirk festivallarida 1, 2 va 3-o`rinlarni egallagan "O`zbek davlat sirki" ijodiy jamoasining har bir a`zosi eng kam oylik ish haqining tegishlicha 100, 80 va 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag`batlantiriladi.
"O`zbek davlat sirki"ga investorlarni jalb etish maqsadida doimiy ravishda homiylik yordami ko`rsatishni nazarda tutuvchi "Do`stlar klubi" tashkil etiladi.
2021 yildan Toshkent shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro sirk san`ati festivali o`tkaziladi.
2019 yil 1 iyungacha Mehnat kodeksiga 14 yoshga to`lmagan shaxslarning sirk, teatr, kino va konsert tashkilotlarida ijodkor lavozimida ishlashi mumkinligini nazarda tutuvchi o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
2019 yilda o`zbek sirkiga 105 yil to`lishi munosabati bilan "O`zbek davlat sirki" nomli kitob-albom nashr etiladi.






