Joriy yilning 22 yanvar kuni Xalq ta`limi vazirligida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi “Davlat umumiy o`rta ta`lim muassasalari o`quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to`g`risida videokonferensiya tarzida yig`ilish bo`lib o`tdi.
Videoselektorda vazirlikning boshqarma va bo`lim boshliqlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi, shuningdek, viloyatlar xalq ta`limi boshqarmasi boshliqlari, tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limi rahbarlari, ma`naviy-axloqiy tarbiya va maktabdan tashqari ta`lim bo`limi boshliqlari hamda mas`ul xodimlar ishtirok etdi.
Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Dilshod Kenjaev Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirilgan qarorida belgilangan vazifalar va hududlardagi holat bo`yicha batafsil to`xtaldi.
Majlis davomida 2019-2020 o`quv yilidan boshlab davlat umumiy o`rta ta`lim muassasalarida zamonaviy yagona maktab formasi joriy etilayotgani munosabati bilan ta`lim muassasalari, joylardagi xalq ta`limi bo`limlari va boshqarmalari rahbarlari maktab formalarini vaqtida ishlab chiqarishni tashkil etish uchun o`quvchilar soni bo`yicha ma`lumotlarni o`z vaqtida shakllantirishi lozimligi ta`kidlandi.
Bundan tashqari, vazir o`rinbosari tomonidan maktab direktorlarining maktab formasi xaridi bilan bog`liq masalalarga aralashishi qat`iyan taqiqlanganligi takror va takror aytilishiga qaramasdan ayrim maktab direktorlari ota-onalarga qaysi ishlab chiqaruvchining maktab formasini sotib olishlari kerakligini “tavsiya” qilib kelayotgani tanqid ostiga olindi. Ta`lim muassasasi xodimlari ushbu jarayonlarga aralashmasligi haqida ogohlantirildi.
Eslatib o`tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-sonli qaroriga ko`ra, “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro`yxatini hududlar bo`yicha shakllantirishi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda respublikaning har bir tuman (shahar) markazining aholiga qulay joylarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shahobchalarini tashkil etishlari, savdo shahobchalarining joylashish manzillarini ommaviy axborot vositalari orqali e`lon qilinishi belgilangan.
Yig`ilish yakunida qarorda ko`rsatib o`tilgan vazifalar bilan birgalikda maktablarda tashkil etiladigan ota-onalar majlislarida ta`lim muassasalariga maktab formasining afzalliklari to`g`risida tushuntirish ishlarini doimiy ravishda olib borish, maktab direktorlari yoki sinf rahbarlari tomonidan yagona maktab formasini sotib olish jarayoniga aralashuvini qat`iyan cheklash bo`yicha choralar ko`rish kabi qator vazifalar belgilab berildi.






