Bugun, 26 yanvar kuni erta tongdan mamlakatimizda ilk bor umumxalq ekologik xayriya hashari boshlandi, deb xabar berdi O`zA.
Hashardan tushgan mablag`lar Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida himoya o`rmonlari tashkil etish, mintaqada ekologik holatni va aholining yashash sharoitini yaxshilash, kam ta`minlangan, boquvchisini yo`qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatish ishlariga sarflanadi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ekologik xavfsizlik, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish e`tiborimiz markazida turishi zarurligi xususida alohida to`xtalib o`tgan edi.
Ma`lumotlarga ko`ra, hozirgi vaqtda Orol fojiasi tufayli katta hajmdagi maydonda Orolqum sahrosi paydo bo`ldi. Har yili ko`plab miqdordagi qum va tuz havoga ko`tarilmoqda. Bu esa Orol halokati global muammo ekanini yana bir bor isbotlamoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo`yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik asosida trast fondining tuzilishi o`zbek diplomatiyasining katta yutug`i bo`ldi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Orol dengizining suvsiz qolgan hududida yashil o`rmonlar barpo etishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Agar mustaqillik yillarida O`zbekiston bo`yicha 1 million 220 ming gektarga yaqin o`rmonzor yaratilgan bo`lsa, shundan 400 ming gektardan ortig`i aynan Orolbo`yi hududida barpo etilgan.
Bu masalada qabul qilinayotgan maxsus dasturga ko`ra, Orol dengizining suvsiz hududida kelgusi yilda yana 500 ming gektar o`rmonzor barpo etilishi ko`zda tutilgan. Aholining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasining shahar va qishloqlarida yangi qurilishlar amalga oshiriladi Xususan, Mo`ynoq tumanida barcha zarur infratuzilmalarga ega bo`lgan zamonaviy shaharcha bunyod etilishi rejalashtirilgan.
Yurtimiz bo`ylab boshlangan umumxalq ekologik xayriya hashari Orolbo`yidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish borasidagi tashabbuslar va sa`y-harakatlarni qo`llab-quvvatlash, mintaqadagi ekoholatni va aholining yashash sharoitlarni yaxshilashga qaratilgani bilan hamiyatlidir.
Mazkur ekologik xayriya hashari O`zbekiston Ekologik harakati, Respublika “Mahalla“ xayriya jamoat fondi, “Nuroniy“ jamg`armasi, Yoshlar ittifoqi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi, O`zbekiston ekologik partiyasi, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda “Yurtimizni yanada obod qilaylik!” shiori ostida o`tkazilmoqda.
Yurtimizdagi barcha mahallalar, aholi punktlari, ko`p qavatli uylar va binolar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, ko`cha va yo`laklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish bo`yicha ekologik aksiyalar tashkil etilgan.
Azal-azaldan ezgu va go`zal qadriyatlarini, orzu intilishlarini o`zida mujassam etgan hasharlarni o`tkazishdan ko`zlangan maqsad xalqimizning ekologik va estetik madaniyatini yuksaltirish, ularni ona tabiat va uning ne`matlariga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash, atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga yoshlarni keng jalb qilish, ozodalik va obodlik kabi milliy an`analarimizni yoshlar ongiga singdirish, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, uzluksiz ekologik ta`lim-tarbiya tizimiga ko`maklashish, qolaversa, yurtimiz ozodaligi va obodligiga hissa qo`shishdan iborat.
Mamlakatimizda aholining salomatligini himoya qilish, uning tinchligini, osoyishtaligini, farovonligini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shubhasiz, respublikamiz aholisining sog`lig`i atrof tabiiy muhit va ekologik vaziyatning qulay bo`lishi bilan chambarchas bog`liqdir. “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari asosida keng qamrovli bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, har bir insonda tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo`lish hissini shakllantirish lozimligiga jiddiy e`tibor qaratilmoqda.
Shu nuqtai nazardan o`tkazilayotgan hashar davomida tashkilot va muassasalar tomonidan ishlab chiqilgan rejaga muvofiq obodonlashtirish ishlari bajarilmoqda. Joylardagi ariqlarni tozalash va sug`orish tizimlari sozligi ta`minlash, daraxtlarga shakl berish, oqlash va ularning aniq hisobini yuritishga puxta yondashilmoqda. Hududlar turli chiqindilardan tozalanib, tabiatni asrashga chorlovchi ko`rgazmali targ`ibot materiallari o`rnatilgani e`tiborga molik.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda 2019 yilning 23 yanvar kuni O`zbekiston Ekologik partiyasi va O`zbekiston Ekologik harakatining Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari faollari tomonidan hashar yo`li bilan yig`ilgan saksovul urug`lari Mo`ynoq tumanida o`rmonzorlar barpo etish bo`yicha tashkil etilgan shtabga etkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O`zbekiston Ekologik partiyasi, Ekoharakat faollari, Oliy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilari va talabalari, umuman, keng jamoatchilik vakillari, barcha-barcha faol ishtirok etayotgan umumxalq xayriya hashari davomida respublikamizning barcha hududlarida keng ko`lamda obodonlashtirish, ko`kalamzorlashtirish, noqonuniy chiqindixonalar faoliyatiga chek qo`yish, daryo, soy, kanal, ariqlar o`zanlarini va qirg`oq bo`ylarini, markaziy xiyobonlar, madaniyat va istirohat bog`larini, sug`orish tarmoqlarini maishiy chiqindilardan tozalash hamda obodonlashtirishga ham e`tibor qaratilmoqda.
26.01.2019 04:33
Yurtimizda ekologik xayriya hashari boshlandi






