Bugungi kunda Prezidentimiz talabi bilan barcha davlat organlari rahbarlarining asosiy e`tibori xalqimizning tinch va osuda hayotini ta`minlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilmoqda, deb xabar berdi Jizzax viloyati IIB axborot multimedia guruhi.
Shu ma`noda, joylarda sayyor qabullar, xalq bilan muloqotlar muntazam o`tkazilayotir. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasida bir guruh fuqarolar bilan uchrashdi.
Qabulida bo`lgan fuqarolar jinoyatlarning qisqa muddatlarda ochilishini ta`minlash, firibgarlar tomonidan o`zlashtirilgan mablag`larni undirish, ishga qabul qilish, moddiy yordam olinishida ko`maklashish kabi masalalar bilan murojaat etdilar.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i ko`tarilgan har bir muammoni o`rganish va echimini topish yuzasidan soha mas`ullariga topshiriqlar berdi. Masalalarni hal etish muddatlari qat`iy belgilandi. Bu kabi tadbirlar aholining turmush farovonligini oshirish, duch kelinayotgan qiyinchiliklarni bartaraf etishda qo`l kelayotir.
Muammolarni o`rganish natijasida “yo`l xarita”lari, ijtimoiy dasturlar ishlab chiqilib, hayotga izchillik bilan tatbiq etilmoqda. Mazkur yo`nalishdagi qonun hujjatlari mukammallashtirilayapti. Qisqasi, ezgu maqsad yo`lidagi sa`y-harakatlar inson huquq va manfaatlarining ustuvorligini ta`minlashga xizmat qilayotir. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i tomonidan bu kabi qabullar va aholi bilan muloqotlar reja asosida viloyatimizning barcha hududlarida o`tkazilmoqda.






