AsosiyJamiyat

Dunyoning 100 dan ortiq ekspertlari Toshkentda jamlanadi

'Dunyoning 100 dan ortiq ekspertlari Toshkentda jamlanadi'ning rasmi

5-6 fevral kunlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Buyuk Kelajak” XNNT tomonidan tashkil etilayotgan “O`zbekiston-2035” ikkinchi xalqaro forumi bo`lib o`tadi.

Forum davomida “Buyuk Kelajak” kengashi ekspertlari 2035 yilgacha O`zbekistonning uzoq muddatli Rivojlanish strategiyasi konsepsiyasi loyihasining muhim iqtisodiy va siyosiy yo`nalishlari taqdimoti bilan eksklyuziv hisobotlar taqdim etadi. Ekspertlar guruhi tomonidan tayyorlangan uzoq muddatli Rivojlanish strategiyasi konsepsiyasi loyihasi bo`yicha takliflarni muhokama qilishda deputatlar, davlat organlari, ilmiy va ta`lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.

Birinchi kuni forumning asosiy tadbiri bo`lgan umumiy yalpi sessiyasi o`tkazilib, unda O`zbekistonning 2035 yilgacha bo`lgan Rivojlanish strategiyasi konsepsiyasi loyihasining asosiy yo`nalishlari taqdim etiladi. Bundan so`ng, forum ishtirokchilari strategiyaning asosiy yo`nalishlarini batafsil muhokama qilish uchun “Davlat boshqaruvini rivojlantirish”, “Qishloq xo`jaligi va to`qimachilik sanoati”, “Bank tizimi va Komplaens“, “Sanoat”, “Transport, qurilish va infratuzilma, turizm”, “Sog`liqni saqlash va ijtimoiy siyosat”, “Inson kapitali va madaniyati”, “Ekologiya, ilm-fan, texnologiya va innovasiyalar” ishchi guruhlariga bo`linadi.

Ikkinchi kuni barcha ishtirokchilarning yakuniy yig`ilishi bo`lib o`tishi rejalashtirilib, unda forum yakunlari sarhisob qilinadi. So`ng yakuniy materiallar jamlanadi va qabul qilingan takliflar bilan to`ldiriladi.

Materiallarni o`zgartirish va to`ldirishdan so`ng aholining keng qatlamlari, ekspert-tahlil doiralari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari o`rtasida jamoatchilik muhokamalari tashkil etiladi. Jamoatchilik muhokamalarining natijalari qayta ko`rib chiqiladi va ular asosida Hukumatga taqdim etish uchun Rivojlanish strategiyasi konsepsiyasi hujjatlarining yakuniy versiyasi tayyorlanadi.

    Boshqa yangiliklar