Kecha O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Media markazida «O`zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati: islohotlarning yangi davridagi muhim vazifalarga zamonaviy yondashuv va muammolar tahlili» mavzusida Xalqaro press klubning jonli efirdagi sessiyasi bo`lib o`tdi. Unda bir qator vazirlik, idora va tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o`rinbosari Alisher Sa`dullaev O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan o`tgan yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va 2019-yilgi ish rejaga kiritilgan vazifalar xususida ma`lumot berdi.
Tizimning joriy yilgi faoliyati davomida yoshlar bandligini ta`minlash, yangi ish o`rinlari yaratish va ular o`rtasida jinoyatchilikning oldini olishga alohida e`tibor qaratilishi ta`kidlandi. Shuningdek, 2018-yilda tashkil etilgan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg`armasi o`tgan 6 oy mobaynida 3 ming 141 ta biznes loyihaga jami 403,2 milliard so`m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag`lari ajratilib, 19 ming 991 ta yangi ish o`rinlari yaratilganligiga alohida urg`u berildi. Ishsiz yoshlar bilan ishlash, ularni manzilli aniqlash hamda bandligini ta`minlash maqsadida 1 ming 328 marta mehnat yarmarkalari o`tkazilib, 46 ming 62 nafar yoshlarning bandligi ta`minlaganligi aytib o`tildi.
Yoshlar o`rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan loyihalar natijasida sodir etgan jinoiy qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan 456 nafar yosh O`zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlarining «Yoshlar kafilligi» asosida sud zalidan ozod qilinib, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo`lganlar o`rtasidagi jinoyatchilik 29,9 foizga, voyaga etmaganlar jinoyatchiligi esa 37,1 foizga kamayganligi ma`lum qilindi.






