AsosiyJamiyat

Ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo`yish qanday samara bermoqda?

'Ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo`yish qanday samara bermoqda?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 maydagi PQ-3741-sonli qaroriga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini soliq organlarida majburiy hisobga qo`yish tartibi o`rnatildi.

Xo`sh, yangi tartibning afzalligi nimada?

Birinchidan, ko`chmas mulk ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo`yish tizimi soddalashtirildi. Endilikda Davlat soliq qo`mitasining my.soliq.uz elektron soliq xizmatlari portalidagi «Ijara shartnomalarini hisobga olish» interaktiv xizmati orqali kunning istalgan vaqtida ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qo`yish mumkin. Ya`ni, ortiqcha ovoragarchilik va sarf-xarajatlar hamda uzundan-uzoq navbatda turishlar bo`lmaydi.

Ikkinchi qulayligi, jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning davlat ro`yxatidan o`tgan joyidagi hamda ijaraga berilayotgan ko`chmas mulk joylashgan manzil bo`yicha davlat soliq inspeksiyalariga tashrif buyurgan holda ijaraga beruvchi va oluvchi o`rtasida belgilangan shaklda tuzilgan ijara shartnomasini taqdim etish orqali amalga oshirish mumkin.

Ijara shartnomasi hisobga qo`yilgandan so`ng, ijaraga beruvchiga shartnoma hisobga qo`yilganligi to`g`risida «Bildirishnoma» va joriy yil uchun hisoblangan daromad solig`ini to`lash bo`yicha to`lov xabarnomasi taqdim etiladi. Natijada ko`chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo`yicha dastlabki deklarasiyani taqdim etish talab etilmaydi.

Joriy yilning o`tgan davrida Toshkent shahrida 20 ming nafardan ortiq yuridik va jismoniy shaxs ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo`ydi.

Ko`pchilikni qiziqtirgan savollardan yana biri yangi tartib joriy qilingunga qadar tuzilgan ijara shartnomalarining taqdiri nima bo`ladi?

Muddati tugamagan (misol uchun, 2018 yil 31 martdan 2019 yilning 31 martigacha tuzilgan) ijara shartnomalari amal qilish muddatiga qadar o`z kuchini yo`qotmaydi va ushbu shartnomalarni qayta davlat soliq xizmati organlarida ro`yxatga qo`yish talab etilmaydi.

Shuningdek, ijara shartnomasi bo`yicha olingan daromadlarga hisoblangan soliqning bir yilligi oldindan to`lab qo`yilgan bo`lsa, (masalan, 2018 yil 31 martdan 2019 yilning 31 martiga qadar soliq to`langan) ijara shartnomasi bo`yicha olingan daromadlarga 2018 yilda 7,5 foizda, 2019 yil 1 yanvardan 12 foizdan soliq hisoblanadi.

Ijara shartnomasini hisobga qo`yish uchun soliq organlari tomonidan hech qanday haq olinmaydi.

Prezidentimizning 2018 yil 26 dekabrdagi «O`zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet mo`ljallari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida ijara miqdorining eng kam me`yori 1 kv. metr turar-joylar uchun 10 000 so`m va noturar joylar uchun 20 000 so`m miqdorida belgilangan.

Misol uchun: 50 kv. m uy-joy uchun 1 oyga 500 ming co`m (50*10 000 so`m). Shunda 500 ming so`mlik ijara uchun oyiga (500000*12% = 60 000) 60 ming co`m daromad solig`i hisoblanadi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 1591-moddasiga asosan, fuqarolar o`rtasida binoni, inshootni yoki ularning bir qismini, turar joyni ijaraga berish, tekin foydalanishga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud davlat soliq organlarida ijaraga berish shartnomasining majburiy hisobga qo`yilishiga rioya etmaslik eng kam ish haqining (202 730 so`m) besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda (1 milliondan 2 milliongacha) jarima solishga sabab bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar