AsosiyJamiyat

Roberto Karlos: "O`zbek futboli haqida etarlicha tasavvurga egaman"

'Roberto Karlos: "O`zbek futboli haqida etarlicha tasavvurga egaman"'ning rasmi

Jahon futboli afsonasi Roberto Karlos ishtirokidagi matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Matbuot anjumanida braziliyalik futbolchi jurnalistlarning savollariga javob berib o`tdi.

Roberto Karlosning fikrlari:

"Kecha Ispaniya chempionatidan o`rin olgan "Espanol" - "Real Madrid" uchrashuvini tomosha qildim. Keyin to`g`ridan-to`g`ri Toshkentga uchib keldim. Uzoq parvoz toliqtirganiga qaramay, bugun O`zbekistondagi bolajonlarni ko`rib, ular bilan mahorat darslarini o`tib juda xursand bo`ldim. Bundan tashqari, Mehribonlik uylariga tashrif buyurib, u erdagi tarbiyalanuvchilar bilan uchrashdik. Bu uchrashuvlar menda juda yaxshi taassurotlar qoldirdi.

O`zbekistonga kelishimga yordam bergan barcha insonlarga, O`zbekiston futbol assosiasiyasi va Milliy olimpiya qo`mitasi rahbarlariga minnatdorchilik bildirib o`tmoqchiman.

O`zbekistondagi futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashdik. Ularning iste`dodli ekanliklariga guvoh bo`ldim. Agar akademiyalarda kuchli murabbiylar ishlasa va ishlar to`g`ri yo`lga qo`yilsa, kelajakda bu akademiyalardan yaxshi futbolchilar etishib chiqadi.

O`zbek futboli haqida menda etarlicha tasavvur bor. Terma jamoangiz sardori Odil Ahmedov bilan yaxshi tanishman. U bilan Rossiyaning "Anji" klubida birga to`p surganmiz.

Men birinchi shartnomamni imzolayotganda oilam haqida o`ylaganman. Dadamga alohida uy sotib olib berishni orzu qilardim. Keyinchalik bu orzuimni amalga oshirishga muvaffaq bo`ldim. Men doimo oila a`zolarim haqida qayg`uraman.

Avvallari kuchli futbolchilar ko`p bo`lardi. "Oltin to`p" uchun kamida 15tacha da`vogar bo`lardi. Hozir faqat Ronaldu va Messi bor. Ularning yoniga Neymar va Mbappeni qo`shish mumkin, xolos.

O`zbek taomlarini juda yaxshi ko`raman. Moskvada 3 yil yashaganman, o`sha vaqt davomida asosan o`zbek taomlari tayyorlaydigan restoranda ovqatlanganman.

Men butun borlig`im bilan "Real Madrid" klubiga tegishliman. Masalan, Karlos Puyolni hech kim "Real" libosida tasavvur qila olmaydi. Shuningdek, meni ham "Barselona" libosida tasavvur qilish ilojsiz. Men "Qirollik klubi"ning vakiliman. Oxirigacha shunday bo`lib qolaman. Mening fikrimcha, Bekxem, Raul, Zidanlar to`p surgan "Galaktikos" eng kuchli jamoa edi".

    Boshqa yangiliklar