Avtomobil transporti haydovchilari mehnatiga haq to`lashning umumiy shartlari to`g`risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Bu haqida vazirlikning “Huquqiy axborot” kanali ma`lum qildi.
Nizomga muvofiq, tashkilotlarning (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, muassasalari va ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ko`proqni tashkil etadigan tashkilotlar) engil avtomobil haydovchilariga Mehnatga haq to`lash yagona tarif setkasining 1-3 razryadlari bo`yicha (577 ming 172 so`mdan 638 ming 194 so`mgacha), avtobus haydovchilariga 2-7 razryadlar bo`yicha (607 ming 581 so`mdan 868 ming 495 so`mgacha), yuk avtomobillari haydovchilariga 1-8 razryadlar bo`yicha (577 ming 172 so`mdan 940 ming 667 so`mgacha) haq to`lanadi.
Quyidagilar uchun ustamalar va qo`shimcha haqlar belgilanadi:
• tungi vaqtda, dam olish va bayram kunlari ishlaganlik, shuningdek, xizmat vaqtidan tashqari ishlaganlik uchun;
• malaka darajasi uchun ikkinchi darajali haydovchilarga;
• xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirganligi;
• Prezident Administrasiyasi transport qismi hamda Hukumat apparati balansida bo`lgan engil avtomobillar haydovchilariga alohida mehnat sharoitlari uchun;
• bir yo`la bir necha kasbda ishlaganligi, xizmat ko`rsatish zonasi kengayganligi va bajariladigan ishlar hajmi oshganligi uchun;
• agar ish smenasi o`rtasidagi tanaffus ikki soatdan ortiqni tashkil etsa, bo`lingan ish smenasida ishlaganligi uchun;
• safar xususiyatiga ega mehnat sharoitlarida ishlaganligi uchun.






