Malayziya Texnologiya universitetining («Universiti Teknologi Malaysia» – UTM) bakalavriat va magistratura dasturlari bo`yicha filialida injiniring, axborot texnologiyalari, fundamental fanlar va menejment yo`nalishlari bo`yicha ta`lim beriladi, deya xabar beriladi O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi saytida.
Bu Xorazm viloyati hokimligi va UTM o`rtasida imzolangan bitimda nazarda tutilgan.
UTM rektori bilan uchrashuv davomida Professor-o`qituvchilar tarkibining malakasini oshirish va talabalar almashish sohasida hamkorlik qilish bo`yicha «Yo`l xaritasi» ishlab chiqishga kelishib olindi, shuningdek Xorazm viloyatidagi tegishli oliy ta`lim muassasasi negizida franchayzing modeli bo`yicha Malayziya oliy ta`lim muassasasi dasturlarini joriy etish, kelgusida UTM filialini ochish to`g`risida bitim imzolandi.
Kelgusi muzokaralar davomida ilg`or tajribani o`zlashtirish, yangi amaliy bilim va boshqaruv ko`nikmalariga ega bo`lish maqsadida talabalarning Malayziyadagi tegishli yirik kompaniyalarda stajirovka o`tashi masalalari muhokama qilindi. Bu istiqbolli, eksportga yo`naltirilgan investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun mintaqaga Malayziya investisiyalari oqimini ko`paytirishga, shuningdek mamlakatning ilg`or tajribasi O`zbekiston sanoat sektoriga joriy etilishiga zamin yaratadi.
Ma`lumot uchun: UTM 1904 yilda asos solingan davlat oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi. «QS World University Rankings» statistikasiga ko`ra, UTM «QS Asian University Rankings» versiyasi bo`yicha 228-o`rinni va Osiyodagi oliy ta`lim muassasalari orasida 47-o`rinni egallaydi. Har yili oliy ta`lim muassasasini 12 mingdan ortiq talaba bitiradi.