Internet tarmog`ida 26 yanvar kuni soat 13.00 da Yunusobod tumanining Usto Shirin va Axmad Donish ko`chalari kesishmasida sodir bo`lgan yo`l-transport hodisasining rasmlari tarqaldi.
30 yoshli “Spark” avtomobili haydovchisi Komil B. 29 yoshli samarqandlik Fazliddin X. boshqargan “Neksiya” avtomobili bilan to`qnashgan. YTH natijasida “Neksiya” haydovchisi tan shikastlari bilan shifoxonaga etkazildi.
Yo`l-transport hodisasi sababiga aniqlik kiritilmoqda. Shu o`rinda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari o`z izohlarida yo`l infratuzilmasi holati bo`yicha shikoyatlar bildirishgan.
Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari ushbu hududdagi yo`l infratuzilmasining holatini o`rganib chiqishdi.
"Toshkent shahar hokimiyati qoshidagi Yo`l harakatini boshqaruv texnik vositalar o`rnatish va foydalanish departamentiga amaldagi svetoforning ish tartibini o`zgartirish va transport vositalari va piyodalar uchun qo`shimcha svetoforlar o`rnatish bo`yicha yozma ko`rsatma yo`naltirildi", - deyilgan IIBB xabarida.






