AsosiyJamiyat

Toshkentda ShHT xalq diplomatiyasi markazi ish boshladi

'Toshkentda ShHT xalq diplomatiyasi markazi ish boshladi'ning rasmi

Bugun poytaxtimizda O`zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi o`z ishini boshladi, deb yozadi O`zA.

Mazkur markaz ish boshlashi munosabati bilan uning faoliyat yo`nalishlari, maqsad va vazifalariga bag`ishlangan brifing o`tkazildi.

Anjumanda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev, ShHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Rahmatulla Nazarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi raisi Rustam Qurbonov markazning faoliyat yo`nalishlari haqida so`z yuritdi. ShHT Bosh kotibi Vladimir Norovning tadbir qatnashchilariga murojaati tinglandi.

Markaz o`z faoliyatini tashkil etishda ShHTga a`zo davlatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, delegasiyalarning o`zaro tashriflarini uyushtirish, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari o`rtasida do`stona hamkorlik muhitini qaror toptirish uchun zarur sharoitlar yaratishga e`tibor qaratadi. Xalqlarning boy tarixi, madaniy merosi, an`analarini asrab-avaylashda axborot resurslarini shakllantirish yuzasidan ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik qiladi. Turli yo`nalishlarda axborot-tahliliy materiallar tayyorlab, ularni muntazam chop etadi.

Tadbirda ShHT Xalq diplomatiyasi markazining vazifalari, faoliyat yo`nalishlari, joriy yilgi rejalariga bag`ishlangan taqdimot bo`lib o`tdi.

Anjuman doirasida O`zbekistonda ta`sis etilgan ShHT Xalq diplomatiyasi markazi bilan «Taraqqiyot strategiyasi« markazi hamda EXHTning O`zbekistondagi vakolatxonasi o`rtasida hamkorlik to`g`risida memorandumlar imzolandi.

    Boshqa yangiliklar