Hukumat qarori bilan Yakka tartibda uy-joy qurish uchun er uchastkalari berish va er uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizasiya qilish tartibi to`g`risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Nizomga ko`ra endilikda, yakka tartibda uy-joy qurish uchun er uchastkalarini olish endilikda «E-IJRO AUKSION»da elektron auksionlar o`tkazish yo`li bilan amalga oshiriladi.
Quyidagilarga er uchastkalari 0,04 gektargacha auksionsiz ariza asosida beriladi:
- halok bo`lgan harbiy xizmatchilar oilalariga;
- davlat va xususiy uy-joy fondidagi o`zlari egallab turgan uy-joyni tuman hokimliklariga o`tkazayotgan fuqarolar va mulkdorlarga.
Ariza tuman (shahar) hokimligiga beriladi hamda komissiya tomonidan o`n kunda ko`rib chiqiladi.
Komissiya ijobiy xulosa chiqarsa hokim er uchastkasi berish haqida bir kunda qaror qabul qiladi hamda uch kunda er uchastkasi chegaralari o`lchab beriladi.
Er uchastkalarini auksion orqali olishda, auksionlar o`tkazilishi haqidagi xabarnomalar 30 kun oldin «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi»ning veb-portalida joylashtiriladi.
Auksionda ishtirok etishga buyurtmanomalar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab veb-portalda avtomatik tarzda boshlanadi va auksionni o`tkazish kunidan ikki ish kuni oldin (soat 13-00 da) yakunlanadi.
Auksion ish kuni mobaynida soat 9:00 dan soat 18:00 gacha o`tkaziladi.
Boshlang`ich narx sifatida auksion ob`ektining minimal qiymatiga teng narx belgilanadi.
Auksion quyidagi holatlarda o`tkazilmagan deb hisoblanadi:
- auksionda ishtirok etish uchun ikkitadan kam ishtirokchi qo`yilgan bo`lsa;
- auksionning birorta ishtirokchisi er uchastkasini auksion jarayonida taklif etilgan narxda sotib olish istagini bildirmagan bo`lsa;
- auksion g`olibi va lotni sotib olish taklif etilgan oxiridan oldingi stavkani qo`ygan ishtirokchi uning bahosini belgilangan muddatda to`liq to`lamasa.
Auksion g`olibi auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay er uchastkasining pulini to`lashi kerak.
Belgilangan muddatda pul to`lanmasa auksion natijasi bekor qilinadi hamda g`olibdan keyin er uchastkasining narxi bo`yicha eng yuqori stavkani qo`ygan auksion ishtirokchisiga er uchastkasini olish haqida taklif yuboriladi.






