AsosiyJamiyat

Davlat xizmatlari markazlari soni yana bittaga ko`paydi

'Davlat xizmatlari markazlari soni yana bittaga ko`paydi  'ning rasmi

Bugun, 30 yanvar kuni Jizzax viloyatining Mirzacho`l tumanida yangi, zamonaviy Davlat xizmatlari markazi o`z eshiklarni ochdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo`limi ma`lum qildi. Mazkur tumanning 51 mingdan ortiq aholisi endi qulay va sifatli davlat xizmatlari olish imkoniga ega. Viloyatga tashrif buyurgan yurtboshimiz bu erda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Yuqori xizmat ko`rsatish standartlari, davlat xizmatlarini olish tartibini soddalashtirish va tezkorligini, fuqarolarni kutish vaqtlari unumli o`tishini ta`minlash — Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini tashkillashtirishda bularning barchasiga alohida e`tibor qaratiladi.

An`anaga ko`ra, har bir ochilayotgan Davlat xizmatlari markazi avvalgisidan qo`shimcha yaratilgan sharoitlar va joriy etiladigan va sinov tariqasida ko`rsatiladigan yangi xizmatlar bilan farqlanadi. Mirzacho`l tumani markazi ushbu an`anani davom ettirdi.

Navbatlari kelguncha yaratilgan kutubxonada fuqarolar qiziqarli kitob o`qishi, bolalar esa maxsus jihozlangan maydonchada vaqtlarini o`tkazishi mumkin. Bundan tashqari, markazning o`zida «Baxt uyi», tuman adliya bo`limi, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi ham joylashgan.

Shuningdek, Markaz eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish, fuqarolik pasportini olish va almashtirish uchun zarur bo`lgan texnika bilan jihozlangan. Barcha xizmatlar elektron navbat tartibida ko`rsatiladi.

2019 yil mamlakatimizda «Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e`lon qilindi. Mazkur nomlanish barcha sohalarda amalga oshirilishi lozim bo`lgan mezonlarni belgilaydi. Davlat xizmatlari tizimi ham bu jarayondan chetda qolgani yo`q. Ilk bor yangi Markazda tashkil etilgan investorlar uchun tashkil etilgan maxsus xona — buning yaqqol misolidir. Bu erda tadbirkorlar yuridik shaxslarga ko`rsatilayotgan xizmatlar, imtiyozlar, O`zbekistonda biznesni ochishning o`ziga xos jihatlari haqida batafsil ma`lumot olishlari mumkin.

Ta`kidlash joizki, Mirzacho`l tumani aholisining turmush darajasini bosqichma-bosqich yaxshilash, qishloqlar qiyofasini tubdan yangilab, ularning yashash tarzi va turmush darajasiga ijobiy o`zgarishlarni amalga oshirish, shuningdek, aholi uchun yangi ish joylarini yaratishga qaratilgan «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan ilk hududlar safiga kiradi.

Shubhasiz, ochilgan Davlat xizmatlari markazi, sahrolar o`rtasida barpo etilgan zamonaviy va obod Mirzacho`lning yana bir ajoyib ziynatiga aylanadi.

    Boshqa yangiliklar