AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoyev Mirzacho`l tumanidagi bolalar bog`chasi va markaziy poliklinikadagi sharoitlar bilan tanishdi (foto)

'Shavkat Mirziyoyev Mirzacho`l tumanidagi bolalar bog`chasi va markaziy poliklinikadagi sharoitlar bilan tanishdi (foto)'ning rasmi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mirzacho`l tumanidagi «Binafsha» davlat maktabgacha ta`lim muassasasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

«Obod qishloq» dasturi asosida kapital ta`mirlangan mazkur bog`chada bolalarning rivojlanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Muassasa 280 o`ringa mo`ljallangan. Mashg`ulot xonalari bolalarni maktabga tayyorlash bo`yicha ilg`or metodikalar asosida, zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan. Sport va o`yin maydonchalari qurilgan. Turli interfaol o`yinlar, buyumlar va o`yinchoqlar bolalarning aqlini charxlashga yo`naltirilgan.

— Maktabgacha ta`lim tizimini rivojlantirish, bolalarga yaxshi tarbiya berish doimiy e`tiborimizda bo`ladi. Bog`chaga borgan bolaning sog`lig`i mustahkam, dunyoqarashi keng, o`ziga ishonchi yuqori bo`ladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezident bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, davlat va xususiy bog`chalar tashkil etish orqali bolalar qamrovini ko`paytirish, shu bilan birga ta`lim-tarbiya sifatini oshirish zarurligini ta`kidladi.

Davlat rahbari Mirzacho`l tumani ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasini ham ko`zdan kechirdi.

Poliklinika binosi «Obod qishloq» dasturi asosida zamonaviy qilib qurilgan. Terapevt, pediatr, jarroh, stomatolog, oftolmolog, travmatolog, nevropotolog, psixiatr kabi mutaxassislar zarur diagnostika apparatlari va asbob-uskunalar bilan ta`minlangan.

250 qatnovga mo`ljallangan muassasada aholiga qulaylik yaratish maqsadida elektron ro`yxatga olish tizimi joriy qilingan. Ayollar maslahatxonasi, kunduzgi stasionar, ijtimoiy dorixona tashkil etilgan.

    Boshqa yangiliklar