AsosiyJamiyat

Xalq ta`limi vazirligi maktablarda zo`ravonlikka qarshi loyihani ishga tushirdi

'Xalq ta`limi vazirligi maktablarda zo`ravonlikka qarshi loyihani ishga tushirdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi “Maktablarda zo`ravonlikni oldini olish va ijobiy psixologiyani o`qitish metodikasi” loyihasi amalga oshirishni boshladi, deb xabar bermoqda vazirlik matubot xizmati.

Loyiha maktablarda o`quvchilarning emosional holatini aniqlash va pozitiv psixologiya metodini o`qitish orqali bulling (inglizcha-zo`ravonlik)ning oldini olish va unga qarshilikni oshirishga qaratilgan. Mazkur besh oylik loyihani amalga oshirishda AQShlik professor Lori Vulf ishtirok etadi.

Professor L.Vulf AQShda ijobiy psixologiya sohasi mutaxassisi, bir qator ilmiy nashrlar va professional taqdimotlar muallifi. Vulf xonim bolalar va o`qituvchilar o`rtasida stressni boshqarish sohasida, shuningdek, bolalarda stress holatini aniqlashga ixtisoslashgan ekspert. L.Vulf AQShning turli ta`lim muassasalarida faoliyat yuritgan.

Maktabda ta`lim oladigan bolalar va o`smirlar turli inqirozli vaziyatlarga duch keladi. Bu esa dadil fikrlashga va harakatlanishga ziddiyatlar olib kelishi mumkin. Loyihaning asosiy e`tibori yurtimizdagi maktab psixologlariga ruhiy tushkunlikka tushgan bolalarni aniqlash, shuningdek, o`qituvchi va psixologlar uchun trening va mashg`ulotlar orqali stressni engib o`tishiga ko`mak berishga qaratiladi. Shu bilan birga, loyiha o`qituvchilarga ham stress va ishdan “sovish” holatlarini oldini olishda yordam beradi.

Loyiha Toshkent shahridagi 241-, 64-, 133-, 324-umumiy o`rta ta`lim maktablarini qamrab oladi. Ushbu maktab o`qituvchilari hamda psixologlari bullingni oldini olish va ijobiy psixologiya metodi bo`yicha bilim va ko`nikmalarni egallaydi.

Mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, ijobiy psixologiyani o`qitish metodikasini Xalq ta`limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga ham joriy etish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar