AsosiyJamiyat

Payariqdagi "Aviakassa"da qalbaki aviachiptalar sotilgani fosh bo`ldi

Samarqand viloyati Payariq tumanida qonuniy hujjatlarsiz aviachipta sotish faoliyati bilan shug`ullangan fuqaroning qalbaki aviachipta sotganligi aniqlandi.

Ma`lum bo`lishicha, fuqaro ijaraga olingan do`kon peshtoqiga "Aviakassa" degan yozuvni ilib qo`yib, xonaga kompyuter apparaturalarini o`rnatadi. Rossiya davlatiga aviachipta so`rab kelgan dastlabki mijozga 324 AQSh dollari evaziga chiptani sotadi. Mijozning fuqarolik pasportini olib qolib, keyinroq kelishni tayinlaydi. Qalbaki elektron aviabiletni esa Samarqand shahridan ro`yxatdan o`tgan "TOTTI AVIA SERVIS" MChJning aviakassasi nomidan rasmiylashtirib beradi.

Shundan so`ng “soxta chiptachi” yana bir necha shaxslar nomiga boshqa aviakassalar nomidan qalbaki chiptalarni rasmiylashtirib beradi va bunga mo`maygina haq oladi.

Vaqti kelib qing`ir ishlar fosh bo`ldi. Aviachiptalarni olib, Rossiya Federasiyasiga ketishga chog`langan ikki nafar samarqandlik fuqarolar Samarqand xalqaro aeroportiga borishganda, aeroport xodimi ularning biletlari bir xil raqamli ekaniga ahamiyat berib, bundan yo`lovchilarni ogoh etdi.

Aldanib, shuncha pulga kuyib qolgan fuqarolar shu zahoti bu haqda huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilishdi. Aybdor tezda qo`lga olindi. U fuqarolarga keltirgan zararni to`ladi va aybiga yarasha jinoiy javobgarlikka tortildi.

Manba: “Huquq” gazetasi

    Boshqa yangiliklar