Eng yangi zamonaviy axborot texnologiyalar va raqamli uskunalar bilan jihozlangan Axborot-tahlil multimedia markazining tantanali ochilish marosimida parlament, sud-huquq sohasining etakchi vakillari, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, shuningdek, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Adliya vaziri birinchi o`rinbosari Mahmud Istamov markaz o`z faoliyatini mutlaqo yangi formatda davom ettirishini qayd etdi. Markaz jamoasi muhim mezonlar sifatida sifat, tahlil, kreativ yondashuv va innovasion echimni belgilab olgan.

– Multimedia markazida ijod qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi boshlig`i Sevara O`rinboeva. – Markazda maxsus dekorasiyali va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bir nechta studiya mavjud. Bu erda tok-shou va turli formatdagi dasturlarni suratga olish mumkin.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qilish, jumladan yuzma-yuz interaktiv uchrashuvlar, brifing va matbuot anjumanlari o`tkazish uchun maxsus media maydonchalar yaratilgan.


Markazni texnik jihatdan jihozlash — LED-ekranlar, kameralar, yoritgichlar, ko`p funksiyali ovoz yozish tizimi va boshqa apparatura jamoaga eng dadil media loyihalarni amalga oshirish, xususan, hujjatli filmlarni suratga olish imkonini beradi.






