O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig`ilishida muddatli harbiy xizmatchilar buyuk sarkardalarimizning hayoti va jasoratini chuqur bilishini ta`minlash maqsadida belgilab bergan vazifalarni ijro etish hamda O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligini munosib kutib olish maqsadida “Vatanparvar” gazetasida muddatli harbiy xizmatchilar va “Temurbeklar maktabi“ o`quvchilari o`rtasida “Temur tuzuklari” bilimdoni” tanlovi o`tkazilgan edi.
Ushbu tanlovga barcha harbiy okruglardan uch yuzdan ortiq ijodiy ish kelib tushdi. Ular orasidan badiiy jihatdan mukammal va mahorat bilan yozilgan eng sara asarlar tanlab olindi. Nihoyat, tanlov ishtirokchilari orziqib kutgan kun keldi.
“Vatanparvar” birlashgan tahririyatida “Temur tuzuklari” bilimdoni” tanlovi g`oliblarini taqdirlash marosimi o`tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko`ra, birinchi o`rinni Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugidan muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Murodilla Abduhamidov egalladi va eng kam ish haqining to`rt barobari miqdorida pul mukofoti va diplom bilan taqdirlandi. Ikkinchi o`ringa Markaziy harbiy okrugi vakili, muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Ruzmatbek Berdaliev va Samarqand “Temurbeklar maktabi” o`quvchisi Muhriddin Ro`ziev egalik qildi hamda eng kam ish haqining uch barobari miqdorida pul mukofoti va diplomni qo`lga kiritdi. Uchinchi o`rinni muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askarlar Namozali Hakimov (DXX chegara qo`shinlari), O`rol Qudratov (Toshkent harbiy okrugi) va Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi akademik lisey o`quvchisi Farrux Asatov egalladi hamda eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida pul mukofoti va diplom bilan taqdirlandi.







