AsosiyJamiyat

Olmaliq shahrida firibgar ayol plastik kartochkalardan 10 million so`mdan ziyod mablag`ni o`zlashtirib oldi

Toshkent viloyati Jinoyat ishlari bo`yicha Olmaliq shahar sudida bir necha odamni aldab, plastik kartochkadagi pul mablag`larini o`zlashtirib olgan ayolga oid jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Bu haqda «Olmaliq haqiqati» xabar bermoqda, deb yozadi daryo.uz.

Plastik kartochkalar kushandasining cho`pchaklariga laqqa tushgan ohangaronlik ayol 710 ming so`m miqdorida pul mablag`i bo`lgan plastik kartochkasini nima uchun ikki qo`llab firibgarga berib yuborganini o`zi ham bilmay qoldi.

2014 yil 30 yanvar kuni firibgar ayol navbatdagi o`lja sari ov boshlaydi. O`lja ham tezda topila qoldi. Olmaliqlik ayol atrofida girdikapalak bo`layotgan firibgarning shirin gaplariga tezda ishondi. Firibgar «opaginam, tez kunlarda naqd pul qo`lingizda bo`ladi», — deya oz emas, salkam besh million, ya`ni 4 million 954 ming so`m mablag`i bo`lgan plastikni «gum» qilib ketdi.

Yil boshi «barakali» kelganidan kayfiyati chog`langan firibgar fevralda yana hunarini ko`rsata boshladi. 2014 yil 10 fevral kuni yana bir sodda ayol 400 ming so`mlik plastigidan judo bo`ldi.

2014 yilning 20 fevral kuni «ovchi»ning tuzog`iga yirik o`lja — bir million so`mlik plastik kartochka ilinib qoldi. Plastik egasi piskentlik ayol qanday qilib notanish kimsaga yirik miqdordagi mablag`ini berib yuborganini haligacha tushunmayotgani aniq.

Jami 10 million 389 ming so`m mablag`ni o`zlashtirgan plastik kartochkalar kushandasi, firibgar, sudlanuvchi ayol umrining uch yilini panjara ortida o`tkazadigan bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar