Toshkentdagi «Turkiston» saroyida O`zbekiston VETERAN jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasining 25 yilligi, sovet qo`shinlari Afg`onistondan chiqarilganining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o`tkazildi. Unda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan afg`on urushi qatnashchilariga Prezident Shavkat Mirziyoev nomidan oltin soatlar sovg`a qilindi, deya xabar berdi Sputnik.
O`zbekiston prezidenti nomidan oltin soat bilan VETERAN jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi raisi Tal`at Muradov, «Boevoe bratstvo bez granis» xalqaro ittifoqi oliy kengashi a`zosi, general-leytenant Ruslan Aushev, Rossiya fan va madaniyat markazi rahbari Viktor Shulika, Rossiya Federasiyasi kengashi a`zosi, senator Frans Klinsevich, Afg`oniston urushi veteranlari ittifoqi raisi Mixail Mokano, MDH davlatlari hukumat rahbarlari Kengashi huzuridagi jangchi-baynalmilalchilar ishlari bo`yicha qo`mitasi raisi Aleksandr Kovalyov taqdirlandi.
Shuningdek, MDH davlatlari Afg`oniston urushi qatnashchilari ittifoqlari etakchilari: Armen Mxitaryan (Armaniston), Suxrobsho Yusufshoev (Tojikiston), Evgeniy Broy (Estoniya), Nugzar Kaxniauri (Gruziya), Kojobek Risbaev (Qirg`iziston), general-mayor Sergey Chervonopiskiy (Ukraina), Sharipbay Utegenovga (Qozog`iston) ham O`zbekiston etakchisi nomidan qimmatbaho esdalik sovg`alari topshirildi.
2 fevral kuni Toshkentdagi «Mangu olov» memoriali yonida urushda halok bo`lgan askarlar xotirasiga qo`yilgan yodgorlik poyiga gulchambar qo`yish marosimi bo`lib o`tdi. Shuningdek, Afg`oniston urushida halok bo`lgan 1514 nafar jangchi nomlari kiritilgan xotira kitobining taqdimoti o`tkazildi.






