AsosiyJamiyat

Samarqandda xiyonati sababli ikki qizini o`ldirgan qotil ona voqeasining tafsilotlari

'Samarqandda xiyonati sababli ikki qizini o`ldirgan qotil ona voqeasining tafsilotlari'ning rasmi

Samarqand viloyati Pastdarg`om tumanida yashovchi 30 yoshli Rushana Rahmonqulova o`z farzandlarini qasddan o`ldirganligi haqida xabar berilgan edi.

«Huquq» gazetasida mana shu voqea batafsil yoritildi.

Ayni vaqtda o`ttiz yoshni qoralagan Nasiba Xo`jaqulovaning (ism-familiyalar o`zgartirilgan) birinchi turmushi bo`lmadi. Ajrashib, bir qizi bilan ota uyiga qaytib keldi. U ikkinchi marta xolasining o`g`li Anvar Rahmonov bilan shar`iy nikoh asosida oila qurdi. Anvar Rossiyada ishlagani uchun o`z uyidan ko`ra o`sha o`lkalarda ko`proq bo`lardi. Nasibaga uylangach, bir hafta yashab, yana ishiga qaytib ketdi. Turmush o`rtog`i birinchi turmushidan ko`rgan qizi Baxtigul bilan qoladi.

Anvarning ota-onasi uning birinchi turmushidan bo`lgan qizini unchalik xushlamasdi. Lekin kelini qizini olib ketib qolsa, o`g`li chet eldan kelmay qo`yishini bilib, u bilan yashashga majbur edi. Anvar yaqin orada yangi kelinchakdan xabar olmadi. Nasiba erining Rossiyada boshqa xotini borligini eshitib, xo`rligi keldi. Ota uyiga qaytishiga esa xolasi qo`ymadi. Shundan so`ng u ushbu «dard» girdobida azobli kunlarni boshdan kechiradi.

Bir kuni qaynakasining o`g`li Nurali Ilashov bilan dildan suhbatlashib qoldi. Gap orasida ichidagi dardu g`uborlarni to`kib soldi. Nurali yangasining gaplarini eshitib, indamay ketmadi. Unga g`amxo`rlik qilishini aytib taskin berdi. Shu kundan boshlab ular tez-tez qo`ng`iroqlashib, Telegram ijtimoiy tarmog`ida SMS yozishadigan bo`lishdi. Bora-bora bu munosabat chuqurlashib, zinoga aylandi.

Qizi qaynota-qaynonasi bilan birga yotishi, Nasibaning yotoqda yolg`izligi Nurali uchun ayni muddao edi. U yarim tunda deraza orqali yangasining yotog`iga kirardi. Qalb ko`zlari mudroq bu ikki manqurt tuni bilan ishqiy munosabatda bo`lib, hech nima ko`rmagandek yuraverardi. Oradan etti oy o`tib, Anvar Rossiyadan keldi. Bir oy yashab, yana iziga qaytdi. Nasiba o`zidan etti yosh kichik bo`lgan Nurali bilan ishqiy munosabatlarini uzishni istamasdi. Bu orada u yana qizchali bo`ldi. Qizi Mahliyoning tomirida Nuralining qoni oqayotganini Nasiba yaxshi bilardi va bu haqda yigitni ham xabardor qilgandi.

Ko`za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, bir kuni tun qo`ynida «er-xotin» bo`lgan bu kimsalar munosabatlarining misi chiqdi. O`sha kuni qaynonasi katta qizini olib to`yga ketgandi. Kechasi hovlida yurgan qaynota o`g`lining yotog`iga deraza oshib kirayotgan Nuralini sezib qoldi. Bu holat uning bu hovlidan qadami uzilishiga sabab bo`lsa-da, telefondagi aloqaga chek qo`yolmadi.

Nasibaning ichiga g`ulg`ula tushdi. Hademay, xufiyona munosabatlarini oilaning boshqa a`zolari ham bilib qolishidan xavotirda edi. Xayolan ming xil reja tuzib ko`rdi. Shunday tubsiz o`ylar qurshovida yurgan payti Nurali bilan Telegram’da yozishdi. «Telefoningdagi yoqmagan rasmlarni o`chirib tashladim», dedi Nurali. (Nasiba ikkita telefon tutar, bittasi Nurali uchun edi.)

U Nasibaning katta qizi Baxtigulning rasmlarini o`chirib tashlagandi.

«Shu qizing katta bo`lsa, u bilan yuraman yoki boshqalarga ulashaman», deb yozdi. Xabarni o`qigan ayolning tepa sochi tikka bo`ldi, g`azabi qaynadi. «Agar shunday qilsang ikkovingni ham so`yib tashlayman», dedi. Ushbu SMS sabab ular janjallashib qoladi.

Nasibaning sabri etmadi. Oradan ko`p o`tmay kechirim so`rab Nuraliga SMS xabar yo`lladi. Nurali unga javoban «Seni kechiraman, lekin katta qizing borasidagi gapimdan qaytmayman», dedi. Nasibaning oyoq-qo`li g`azabdan titradi. «Senga ermak uchun berib qo`ygandan ko`ra, o`z qo`lim bilan o`ldirib qo`yganim afzal, bir uni emas seni qizingni ham, o`zimni ham o`ldiraman», dedi. Unga javoban «Ishdan chiqib boraman, o`zim o`ldiraman», dedi Nurali.

Nasiba oshxonadan ro`zg`orda ishlatadigan pichoqni yotoqxonasiga kiritib qo`ydi. Qaynota-qaynonasi uxlagach, ular yonida shiringina pishillab uxlayotgan Baxtigulni o`z yotog`iga keltirib yotqizdi.

Qaynona yonidagi nevarasi yo`qligini bilib qoldi. Kelib qolar deb biroz kutdi. Ammo kelavermagach, turmush o`rtog`ini uyg`otdi. Onasi bilan yotgandir, deb Nasibaning eshigini taqillatdi. Ichkaridan sado chiqmadi. Eshik oynasini buzib, ichkariga kirishdi. Ular bu erdagi manzarani ko`rib dong qotdi. Ikki norasida va ularning onasi qonga belanib yotardi.

O`sha tun Nurali deraza osha kirganda, ko`z ko`rib, quloq eshitmagan vahshiylik ro`y bergan edi.

Nurali o`zining turli gaplari bilan ushbu mudhish fojiaga sababchi bo`ldi. Buni anglagan N.Ilashov sodir etgan qilmishi oshkor bo`lmasligi uchun Nasibaning qo`l telefonini olib, voqea joyidan qochib ketadi. O`zi va ayolning telefonidagi qo`ng`iroqlar, Telegram ijtimoiy tarmog`i orqali yozishgan xabarlarini o`chirib, izlarni yo`qotdi.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko`ra, hali etti yoshga to`lmagan Baxtigulga 12 marotaba, bir yoshga ham to`lmagan Mahliyoga esa 5 marotaba pichoq urilgan ekan. Etkazilgan tan jarohatlari norasidalarning hayotdan ko`z yumishiga sabab bo`lgan. Onasi esa…

Aniqlanishicha, Nasiba avval qizlariga, keyin esa o`ziga pichoq urgan. Biroq uning joni omon qoldi. Ikki dilbandining umrini xazon qilgani qoldi.

    Boshqa yangiliklar