Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO)ning O`zbekistondagi vakolatxonasi ko`magida lotin alifbosida nashr etilgan mazkur ensiklopediya akademik Sh.A.Akmalxonovning yoshlarga yo`llagan ezgu tilaklari bilan boshlanadi va kitobxonni ziroatchilikning sir-asrorlari olamiga olib kiradi.
Ensiklopediyada O`zbekistonda ekiladigan jami ekinlar turlari, iqtisodiyot, agronomiya, agrometeorologiya, genetika, seleksiya, o`simlikshunoslik, o`simliklarni himoya qilish, hosilni saqlash, chorvachilik, qishloq xo`jaligi texnikasi kabi 30 dan ortiq tarmoqlar qamrab olingan.
Kitobda alifbo tartibida mamlakatimizda etishtiriladigan mevali daraxtlar, sabzavot va poliz ekinlari, don, dukkakli ekinlarning botanik tavsifi, biologik xususiyatlari, etishtirish texnologiyalari haqida muxtasar ma`lumotlar keltirilgan.
“Er”, “Tuproq”, “Fotosintez”, “O`simliklarning oziqlanishi”, “O`simliklarning rivojlanishi”, “O`simliklar fiziologiyasi” kabi o`nlab maqolalar bizni o`simliklarning yashash qonuniyatlari bilan tanishtirsa, “Borona”, “Don yig`ish kombayni”, “Kultivator”, “Plug”, “Traktor”, “Paxta terish mashinasi”, “Qishloq xo`jaligini elektrlashtirish”, “Qishloq xo`jaligini kimyolashtirish” maqolalarida zamonaviy mashina-mexanizmlar haqida batafsil ma`lumotlar beriladi.
“Meliorasiya”, “Suv xo`jaligi”, “Sug`orish” kabi maqolalarda bu mavzularning tarixi va hozirgi holati bilan tanishamiz, O`zbekistondagi yirik kanallar, suv omborlarining iqtisodiy-texnik ko`rsatkichlaridan, sug`orish usullaridan xabardor bo`lamiz.
“Asalari”, “Itlar”, “Otlar”, “Uy parrandalari”, “Qoramollar”, “Qo`ylar”, “Echkilar”, “Quyonlar”, “Sut”, “Chorvachilik” kabi maqolalarda esa chorva hayvonlarining turlari, zotlariga batafsil tavsif berilgan.
Kitobda amaliy ahamiyatga ega turli maslahatlar ham ko`p. Masalan, “Baliqlar” maqolasida baliq boqish, “Uy parrandalari” maqolasida jo`jalarni o`stirish, “Quyonlar” maqolasida yosh quyonlarni parvarishlash, “Limon” maqolasida limon ko`chatini etishtirish tartib-qoidalari bayon etilgan.
Kitobxonga ekinlar, chorva turlari haqidagi ma`lumot bilan birga ular bilan bog`liq xo`jalik tarmog`i haqida ham batafsil ma`lumotlar taqdim etiladi.
Ekinga turli zararkunandalar, kasalliklar, begona o`tlar, issiq-sovuqlar “hujum” qiladi. Dehqon himoya choralarini ko`rmasa, hosilni boy beradi, mehnatlari zoe ketadi. Ensiklopediyada berilgan “O`simliklar zararkunandalari”, “O`simliklar kasalliklari”, “O`simliklarni himoya qilish”, “Biologik himoya usuli”, “Kimyoviy himoya usuli”, “Insektisidlar”, “Fungisidlar” va boshqa maqolalarda ekinni ana shu “balo-qazolar”dan himoya qilish yo`llari, usullari batafsil keltirilgan.
“Yil fasllari”, “Ob-havo”, “Iqlim”, “Samarali harorat”, “Qorasovuqlar”, “Burj” sarlavhali maqolalarda fasllar almashuvi, iqlim qonuniyatlari haqida ma`lumotlar berilgan. Ayniqsa, “Burj” maqolasida 12 burjning fasllar bo`yicha holati jadvali va ularning har biri bo`yicha alohida maqolalar berilgani kitobxon uchun noyob ma`lumot deyish mumkin.
Ensiklopediyadagi “Bankrotlik”, “Biznes”, “Biznes reja”, “Kichik va o`rta biznes”, “Rentabellik”, “Tannarx”, “Foyda” kabi maqolalar esa kitobxonning iqtisodiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihati, shu vaqtga qadar o`z kashfiyotlari va amaliy ishlari bilan mamlakatimiz qishloq xo`jaligi fanlari hamda amaliyotiga katta hissa qo`shgan olimlar, xalq seleksionerlarining hayoti va ilmiy merosi haqida jamlanma yo`q edi. Ensiklopediyadan o`nlab shunday fidoyi olimlarga bag`ishlangan maqolalar va ularning suratlari bo`shliqni to`ldirdi, deb aytish mumkin.
Kitobning yana bir yutug`i – undagi rangli suratlardir. Qadimgi Misrdan topilgan rasmlar va O`zbekiston tasviriy san`ati namoyandalarining asarlari kitobning axborot bazasini yanada boyitishga xizmat qiladi.






