AsosiyJamiyat

Agrosanoat istiqboli zamonaviy texnologiyalarda

'Agrosanoat istiqboli zamonaviy texnologiyalarda'ning rasmi

Namanganda “Meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish, saqlash va qayta ishlash, logistika va eksportni tashkil qilish” mavzusida o`quv-seminar bo`lib o`tdi.

Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta`minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tomonidan Osiyo Taraqqiyot banki ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmog`ida qo`shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari, fermerlar, meva-sabzavotni qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Xalilovaning qishloq xo`jalik mahsulotlarini etishtirish, qayta ishlash va eksportini tashkil etishning huquqiy asoslari mavzusidagi ma`ruzasi tinglandi.

Shuningdek, viloyatda meva-sabzavot etishtirish va qayta ishlashning yangi imkoniyatlari, sabzavot va poliz mahsulotlarini saqlashning zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalari, meva etishtirishga innovasion texnologiyalarni joriy qilishning samarali usullari, Namangan viloyati sharoitida urug`li va danakli pakana va yarim pakana mevali daraxtlarni parvarishlash agrotexnikasi, meva va uzumni qayta ishlash va saqlash texnologiyasi, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti va logistikasini tashkil qilish kabi dolzarb mavzulardagi ma`ruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otdi.

2018 yilda viloyatda agrosanoat va oziq-ovqat sanoati yo`nalishida umumiy qiymati 28,9 million dollarlik 40 ta loyiha amalga oshirildi. Ularni ro`yobga chiqarishga tashabbuskorlarning o`z mablag`i hisobidan 12,9 million dollar va Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta`minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tomonidan 15,9 million dollar imtiyozli kredit yo`naltirildi. Bu viloyatda umumiy sig`imi 30 ming tonna bo`lgan muzlatgich omborxonalar, 600 gektar maydonda intensiv bog`, 7 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar barpo etish, ishlab chiqarish quvvati 13 tonnalik qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish, naslli qoramol va parrandachilik xo`jaliklarini tashkil etish imkonini berdi.

Seminarda bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish bo`yicha muhim omillar va dolzarb vazifalar haqida fikr almashildi.

    Boshqa yangiliklar