AsosiyJamiyat

​MAGATE: O`zbekiston mutaxassislari uchun seminar o`tkazmoqda

'​MAGATE: O`zbekiston mutaxassislari uchun seminar o`tkazmoqda'ning rasmi

2019 yilning 4-6 fevral kunlari Atom energetikasi bo`yicha xalqaro agentligi – MAGATE Toshkentda o`zbekistonlik mutaxassislar, “O`zatom” agentligi va “Rostatom” davlat korporasiyasi vakillari ishtirokida atom elektr stansiyasi uchun maydon tanlashda xavfsizlik va boshqa muhim jihatlar bo`yicha seminar o`tkazmoqda.

Seminardan ko`zlangan asosiy maqsad “O`zatom” agentligi va boshqa aloqador agentliklar mutaxassislari uchun MAGATE xavfsizlik tartib va talablari bo`yicha maslahat, yo`l-yo`riqlar ko`rsatishdan iborat.

Unda ishtirokchilarga mahalliy mutaxassislar hozirgi paytda mamlakatimizda AES uchun maydon tanlash ishlarining holati bo`yicha ma`lumot berdi.

Seminar davomida AES uchun maydon tanlashda ekologik jihatlar, atom elektr stansiyasi uchun infratuzilmani rivojlantirishda MAGATE talabining ahamiyati, MAGATE xavfsizlik standartlariga muvofiq lisenziyalash jarayoni, ushbu tashkilotning atrof-muhitga ta`sirni baholash va atom-energetika muammolarini ishlab chiqish bo`yicha yondashuviga oid masalalar atroflicha tahlil etildi.

Shu bilan birga, tadbirda MAGATE ning AES uchun maydon tanlash va uni baholash bilan bog`liq bo`lgan xavfsizlik normalari bo`yicha qo`shimcha hujjatlar ham taqdim qilindi. AES qurilishi bo`yicha loyihani amalga oshirishga qo`l urayotgan mamlakatlar uchun MAGATE ni qo`llab-quvvatlash aspektlarini qamrab olgan mazkur seminar shu jihatlari bilan katta ahamiyatga ega.

Avval ma`lum qilinganidek, 2018 yil 7 sentyabrda Rossiya Federasiyasi va O`zbekiston Respublikasi bosh vazirlari yurtimizda Rossiya loyihasi asosida atom elektr stansiyasini qurish bo`yicha hukumatlararo bitimni imzolagan. Loyihada VVER-1200 turdagi reaktorli2 ta energobloklar qurilishi ko`zda tutilgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 oktyabrda qabul qilingan PQ-3969 sonli qaroriga muvofiq, imzolangan bitim kuchga kirdi.

Eslatib o`tamiz, mamlakatimizda AES ning birinchi energoblokini 2028 yilning oxirigacha ishga tushirish mo`ljallangan.

    Boshqa yangiliklar