Fuqarolarning pensiyalarni hisoblash uchun zarur bo`lgan hisoblangan ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishni joriy etish chora-tadbirlari haqidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar qildi.
Qarorga muvofiq, fuqarolarning pensiyalarini hisoblash uchun zarur bo`lgan hisoblangan ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritish maxsus markazlashtirilgan elektron reestr bazasi asosida tashkil etiladi. Ya`ni, mazkur elektron baza ishga tushgandan keyin pensiyaga chiqayotgan shaxs ish haqi haqidagi turli ma`lumotnomalarni Pensiya jamg`armasiga topshirishiga hojat qolmaydi.
Ish haqi summalari to`g`risidagi ma`lumotlar 2019 yil 1 yanvardan boshlab har bir jismoniy shaxs bo`yicha ish beruvchilar tomonidan davlat soliq organlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i bo`yicha soliq hisoboti tarkibida belgilangan tartibda elektron shaklda taqdim etiladi.
Bundan tashqari, 2019 yil 1 martdan boshlab fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali fuqarolarning hisoblangan ish haqi summalari to`g`risidagi ma`lumotlarni taqdim etish bo`yicha interaktiv xizmati joriy etiladi.






