Oxirgi bir necha kun ichida Chirchiqda o`ta shafqatsizligi bilan ajralib turuvchi bir nechta jinoyat qayd etildi, deya xabar beradi anhor.uz sayti.
Kecha, 6 noyabr kuni, soat birlar atrofida yoshi taxminan 18-20 larda bo`lgan uchta yosh yigit “Perekryostok” degan joyda taksi to`xtatib, Chirchiq shahrigacha olib borib qo`yishni so`ragan. Manzilga etib kelgandan so`ng orqada o`tirgan yigitlardan biri kutilmaganda pichoq olib, haydovchining bo`g`zidan tortgan. Biroq haydovchi mashinadan sakrab tushishga, erda yotgan toshni olib mashinaning old oynasiga otishga muvaffaq bo`lgan. Haydovchi toshni shu darajada qattiq otganki, u old o`rindiqda o`tirgan jinoyatchiga tekkan. Bunday qat`iy qarshilikni ko`rgan jinoyatchilar qochib ketgan. Haydovchi esa qo`li bilan jarohatini yopganicha, shahar kasalxonasiga etib olgan, hozir u reanimasiyada yotibdi.
Yakshanba, 2 noyabr kuni esa bir nechta yosh yigit xonadonlardan biriga bostirib kirib, u erda yigirma ikki yoshli qizni qiynashgan. Keyin pul va qimmatbaho buyumlarni olib, gaz konforkalarini ochishgan va xonadonga o`t qo`yib qochib ketishgan. Bu paytda qiz bilan yashaydigan xolasi do`konga chiqib ketgan. Uyga kelgan ayol eshik va derazalardan chiqayotgan tutunni ko`rgan, gaz hidini his qilgan va jiyanini o`lasi qilib kaltaklangan holatda topgan. Qiz jarohatlardan xolasining qo`lida ko`z yumdi.
Ayni paytda ushbu jinoyatlar bo`yicha tezkor-qidiruv ishlari olib borilmoqda.
07.11.2014 19:34