AsosiyDunyo

Nazarboev Konstitusion Kengashga murojaati yuzasidan shovqin solmaslikka chaqirdi

'Nazarboev Konstitusion Kengashga murojaati yuzasidan shovqin solmaslikka chaqirdi'ning rasmi

Qozog`iston Prezidenti 4 fevral kuni Konstitusion Kengashga murojaat qilib, Konstitusiyadagi Prezident vakolatlarini to`xtatishga oid punkt yuzasidan rasman izoh berilishini so`radi. Bu haqda Kengash saytida xabar berilgan.

“Respublika Prezidentining vakolatlari respublikaning yangi saylangan prezidenti lavozimiga kirishganidan so`ng, shuningdek, muddatdan avval ozod qilinganida yoki vafot etganida to`xtatiladi. Respublikaning barcha sobiq prezidentlari, mansabidan chetlashtirilganlaridan tashqari, Qozog`iston Respublikasi eks-prezidenti unvoniga ega bo`ladi”, deyiladi mazkur punktda.

Normaga izoh so`rab qilingan murojaat aks etgan video 5 fevral kuni Qozog`iston Prezidenti matbuot xizmatining Facebookʼdagi sahifasida paydo bo`ldi. Videoda Nazarboev Konstitusiya va Konstitusion Kengash to`g`risida qonun qabul qilinganidan beri mening 22 ta Prezident murojaatim berilgan, dedi.

“Masalan menga, qaysi sharoitlarda prezident o`z xohishi bilan bu lavozimni tark etishi, ya`ni iste`foga chiqishi mumkinligi yuzasidan savol berishadi. Bu Konstitusiyada yo`q. Jahoning barcha konstitusiyalarida bu narsa mavjud. Shu kabi savollarni menga berishgani bois, men Konstitusion Kengashdan shunga izoh berishni so`radim”, deydi Nazarboev.

Uning so`zlariga qaraganda, kengashga qilgan navbatdagi murojaatida hech narsa yo`q, shu sababli shovqin ko`tarish kerak emas.

“To`g`ri, barchani eng qiziq masalalar, ya`ni navbatdan tashqari saylovlar, hokimiyat tranziti va boshqa masalalar qiziqtiradi. Konstitusiyani o`qing, prezident to`g`risidagi qonunlarni o`qing. U erda aniq-ravshan yozib qo`yilgan: qachon saylovlar bo`lishi, qachon vakolat muddati tugashi yozilgan”, deya bayonot berdi Nazarboev. “To`g`ri, Konstitusiyaga ko`ra prezident muddatdan avval saylovlarni e`lon qilish huquqiga ega, ammo bu holat bizga xavf solmayapti”, dedi Prezident. O`z chiqishini Nazarboev “Shu sababli, keling xotirjam bo`laylik, xotirjam ishlashda davom etaylik”, degan ibora bilan yakunladi.

Nursulton Nazarboev salkam 30 yildan beri Qozog`istonning birinchi rahbari bo`lib kelmoqda. U 2015 yil aprelda bo`lib o`tgan saylovlarda rasmiy ma`lumotlarga qaraganda, 97 foizdan ko`proq ovoz olgan va besh yillik muddatga qayta saylandi.

2018 yilning dekabr oyi so`nggida Nazarboev qozog`istonlik jurnalistlarga bergan intervyusida mamlakatda muddatdan avval saylovlarga tayyorgarlik olib borilmayotganini aytgan edi.

Bundan avvalroq u saylovlar bo`lib o`tadigan 2020 yilgacha ancha vaqt borligini va o`zi saylovlarda ishtirok etish yoki etmaslik borasidagi rejasini keyinroq ma`lum qilishini ta`kidlagan edi. Konstitusiyaga ko`ra, navbatdagi prezidentlik saylovlari dekabr oyining birinchi yakshanbasida o`tkaziladi.

Konstitusion Kengash murojaat kelib tushganidan keyin bir oylik muddatga o`z qarorini e`lon qiladi. Agar masalani keyinga qoldirmaslik zarurati paydo bo`lgudek bo`lsa, Prezident talabi bilan bu muddat o`n kungacha qisqartirilishi mumkin.

Sharofiddin To`laganov, O`zA

    Boshqa yangiliklar