NNTlarning davlat organlari bilan noqonuniy mehnat migrasiyasi, odam savdosi, giyohvandlikning oldini olish sohasida ijtimoiy sherikligi bilan bog`liq masalalar muhokama qilindi, deya xabar beradi jz.uz portali.
Jizzax shahrida O`zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy Assosiasiyasi, viloyat hokimligi va Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti hamkorligida “Yoshlar o`rtasida noqonuniy mehnat migrasiyasi, odam savdosi, kashandalik, alkogolizm va giyohvandlikning oldini olish borasida nodavlat notijorat tashkilotlarining o`rni va vazifalari” mavzuida davra suhbati bo`lib o`tdi.
Tadbirda, Xotin-qizlar qo`mitasi, sog`liqni-saqlash, xalq ta`limi, mehnat va aholini ijtimoiy muxofaza qilish boshqarmalari xodimlari, odam savdosiga qarshi kurashish hududiy idoralararo komissiyasi, nodavlat notijorat tashkilotlar, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, ta`lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, NNTlar sog`lom, barkamol avlodni shakllantirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoit yaratishga ko`maklashib kelmokda. Xususan bu jarayonda, mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar bois, ularning roli yanada oshyapti. Ma`lumki, 2011 yilda “Alkogol va tamaki mahsulotlari iste`mol qilinishi va tarqalishini cheklash to`g`risida”gi Qonun qabul qilingan. Bundan ko`zda tutilgan asosiy maqsad aholi, ayniqsa yoshlarni alkogol va tamaki mahsulotlar iste`mol qilishning zararli ta`siridan, shu bilan bog`liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishga, shuningdek, jamiyatda sog`lom turmush tarzini shakllantirishdan iborat.
Yig`ilishda bu borada olib borilayotgan ishlar hamda odam savdosiga qarshi kurashishda NNTlar faolligini oshirishga asosiy e`tibor qaratilib, noqonuniy mehnat migrasiyasi, odam savdosi, giyohvandlikka qarshi kurash, alkogolizm va kashandalikning oldini olishda turli loyihalar va dasturlarni amalga oshirayotgan NNT vakillari ma`ruzalari bilan qatnashdi. Bundan tashqari, ko`rsatib o`tilgan yo`nalishlar bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va uning natijalari muhokama qilindi hamda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan hamkorlikdagi takliflar ishlab chiqildi .





