Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Farmon bilan O`zbekiston avtomobil transporti agentligi negizida O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashkil etildi.
Vazirlik avtomobil, temir yo`l, havo, daryo transportlari, metropoliten, shuningdek, yo`l xo`jaligini rivojlantirish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo`yicha davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Quyidagilar vazirlikka o`tkazildi:
- Avtomobil yo`llari qo`mitasi;
- Fuqaro aviasiyasi agentligi;
- Temir yo`llarda yuk va yo`lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi;
- Hukumat huzuridagi Yo`l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi;
- Favqulodda vaziyatlar vazirligining O`zbekiston kemachilik registri;
- Hukumat huzuridagi “O`zaeronavigasiya” markazi.
Toshkent shahar Transport va yo`l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti tugatildi.
Quyidagi vazifa, funksiya va vakolatlar Vazirlikka o`tkazildi:
- kemalarni ro`yxatga olish, qurish, foydalanish, qayta jihozlash va ta`mirlashga guvohnomalar berish;
- temir yo`l transportini rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish, temir yo`l transporti istiqbolli prognozlari, rivojlantirish va ob`ektlarni joylashtirish sxemalarini ishlab chiqish;
- temir yo`llarda yuk va yo`lovchilar tashish sohasida tarif va tranzit siyosatni amalga oshirish;
- sanoat korxonalari harakatdagi tarkiblarining umumiy foydalanishdagi temir yo`llariga chiqishi uchun ruxsatnomalar berish.
Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o`rganish markazi tashkil etildi.
“Transport to`g`risida”gi Qonun hamda O`zbekiston Respublikasida 2025 yilgacha transportni rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” ishlab chiqiladi.






