Mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo`yicha keng miqyosli sa`y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Zero, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Bu borada davlatimiz tomonidan ko`plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Muhimi, endi ularning ijrosini ta`minlash zarur.
O`zbekiston Prezidentining 2018 yil 14 fevraldagi "Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish to`g`risida"gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etildi.
Hujjatga muvofiq, quyidagilar Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarining jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini kelgusida tashkil etishning ustuvor yo`nalishlari deb belgilandi:
Taraqqiy etayotgan poytaxt xavfsizligining garovi sifatida harakatlar yakdilligi asosida barcha davlat organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o`zaro hamkorlik qilishning amaliy mexanizmini joriy etish;
«Jaholatga qarshi ma`rifat» g`oyasi asosida har bir mahalla kesimida diniy-ekstremistik xususiyatga ega bo`lgan huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash va bartaraf etishga, birinchi navbatda, ekstremistik oqim mafkurasi ta`siri ostiga tushib qolgan shaxslarni tuzatishga alohida e`tibor qaratish;
Prokuratura organlari tomonidan kundalik asosda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, shu jumladan, ish o`rinlarini yaratish va aholi bandligini ta`minlashga amaliy yordam ko`rsatish, shuningdek, aniqlangan qonunbuzarliklar, sun`iy to`siq va g`ovlarni bartaraf etish bo`yicha zarur choralar ko`rish;
Aholiga eng yaqin bo`lgan joylarda kuch va vositalar faoliyatini bevosita boshqarish va muvofiqlashtirishning samarali tizimini yaratish maqsadida Toshkent shahar ichki ishlar organlarining amaldagi tuzilmasini takomillashtirish;
Toshkent shahar ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining intellektual va kasbiy darajasini oshirish, ularga qo`shimcha tadbir va ishlardagi ishtiroki tufayli ortiqcha vazifalar yuklanishini bartaraf etish maqsadida sohaviy xizmatlar o`rtasidagi vazifalarning aniq chegaralarini belgilash;
Jinoyatlarga choralar ko`rish va ularni fosh etishda, birinchi navbatda, tezkorlik va muvofiqlashgan hamkorlikni ta`minlash maqsadida Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlarini «Xavfsiz shahar» apparat-dasturiy kompleksi imkoniyatlaridan keng foydalanishga yo`naltirish.
Toshkent shahridagi tuman ichki ishlar boshqarmalari (bo`limi) negizida tumanlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha sektorlar hududlari doirasida kuch va vositalarni maqsadli taqsimlagan holda ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari tashkil etiladi.
Ichki ishlar organlari bo`linmalari faoliyatini tahlil qilish, rejalashtirish va tashkil etish, sektorlarga bo`lish tamoyili asosida tuman hududi doirasida real vujudga kelgan tezkor va kriminogen vaziyatni hisobga olgan holda mavjud kuch va vositalarni taqsimlash muvofiqlashtirish boshqarmalarining asosiy vazifalari etib belgilandi.
Shu o`rinda jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudlari tomonidan 1533 ta Ommaviy axborot vositalari orqali huquqiy targ`ibot, 2387 ta og`zaki huquqiy targ`ibot, 38 ta ko`rgazmali huquqiy targ`ibot, 2611 ta sayyor sud majlislari o`tkazildi.
Muhtarama Turg`unova,
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi sudining sudyasi






