AsosiyJamiyat

Toshkent metrosi modernizasiya qilingan vagonlarning yangi partiyasini oladi

'Toshkent metrosi modernizasiya qilingan vagonlarning yangi partiyasini oladi'ning rasmi

Temir yo`l transportida aholiga sifatli xizmat ko`rsatish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Yo`lovchi tashish borasida yangi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, shinam va qulay poezdlar harakatini joriy etish, jahon standartlariga to`la javob beradigan vagonlarni ishlab chiqarish bugungi dunyo talablaridan biridir, deb xabar qilmoqda «O`zbekiston temir yo`llari» axborot xizmati.

Qayd etilishicha, «Toshkent yo`lovchi vagonlarini qurish va ta`mirlash zavodi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan yo`lovchi vagonlarini sifatli va zamonaviy tarzda ta`mirlash, har tomonlama jahon standartlariga javob beruvchi yangi vagonlarni ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan. Shuningdek, bu erda yo`lovchi vagonlari tubdan qayta ta`mirlanadi. Ichki qismi zamonaviy dizayn asosida bezatiladi. Yo`lovchilarga qo`shimcha qulayliklar yaratiladi.

Zavod 2014 yilda metro vagonlarini ta`mirlash bo`yicha xalqaro sertifikatga ega bo`lgan. Bu yo`nalishda korxona mutaxassislari tomonidan bir qator izlanishlar olib borildi. Jumladan, eski metro vagonlari tubdan ta`mirlanib, yangi dizayn asosida o`zgacha qiyofaga olib kelindi. Buning natijasida «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasi zamonaviy, keng va yorug` metro vagonlariga ega bo`ldi.

2018 yilda temiryo`lchilar tomonidan 6 ta metro poezdi (24 ta vagon) yangidan modernizasiya qilindi va foydalanishga topshirildi. Joriy yilda 7 ta ana shunday poezdni (28 ta vagon) tubdan ta`mirlash rejalashtirilgan bo`lib, ayni kunlarda 1 ta tarkib (4 vagon) shay holatda va metropolitenda sinovdan o`tkazilmoqda. Eng muhimi yaroqlilik muddati tugagan vagonlar umri 15 yilga uzaytirilmoqda.

Metro vagonlarini modernizasiya qilish jarayonida ishlatiladigan butlovchi qismlarning (vagon telejkalari va ichki jihozlar) 30-40% ushbu zavodning o`zida ishlab chiqarilmoqda. «Toshkent yo`lovchi vagonlarini qurish va ta`mirlash zavodi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2014 yildan 2018 yilgacha bo`lgan davrda jami 14 ta metro poezdi, ya`ni 56 ta vagon modernizasiya qilindi.

    Boshqa yangiliklar