AsosiyJamiyat

Mirzo Ulug`bek tumanida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`yicha kompleks tadbirlar o`tkazildi

'Mirzo Ulug`bek tumanida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`yicha kompleks tadbirlar o`tkazildi'ning rasmi

Kecha, 7 fevral kuni O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumani aholisi o`rtasida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, jamoat xavfsizligini ta`minlash samaradorligini yanada oshirish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo`yicha tashqivot va targ`ibot guruhlarini tuzish va vazifalarini belgilashga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi.

Yig`ilishda tuman hokimligi, Mudofaa vazirligi rahbariyati, Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Xotin-qizlar qo`mitasi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Targ`ibot guruhlarining vazifasi sirasiga aholi bilan huquqiy-profilaktik tadbirlarni tashkil etish, kam ta`minlangan oilalar hamda boquvchisini yo`qotgan keksalar holidan xabar olish, jazoni o`tab qaytgan fuqarolar bilan suhbatlar o`tkazish, mahallalarda mehnat va kitob yarmarkalar tashkil etish, o`quvchi va tarbiyasi og`ir yoshlarni sport to`garaklari hamda madaniy tadbirlarga, ekskursiyalarga keng jalb etishga e`tibor qaratish lozimligi ta`kidlandi.

Tadbir davomida Mirzo Ulug`bek tumanida 2018 yil mobaynida sodir etilgan jinoyatchilik holatlari tahlil qilindi. O`tgan yil davomida jami 738 ta turli xil ko`rinishdagi jinoyatlar sodir etilgan bo`lsa, 2019 yilning yanvar oyida ushbu ko`rsatkich aynan tuman miqyosida 32 tani qayd etgani ta`kidlandi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Prezidenti 2018 yil 24 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta`minlash samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorni imzolagan edi. Unda jamoat xavfsizligini ta`minlash tizimida o`zaro maqsadli hamkorlikni tashkil etish, joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda jamoatchilik tuzilmalari hamkorligini yo`lga qo`yish belgilab berilgandi.

Endilikda Mirzo Ulug`bek tumaniga Mudofaa vazirligi ham mas`ul etib belgilandi.

    Boshqa yangiliklar