Bugungi kunda Davlat soliq qo`mitasi tomonidan Ma`lumotlarni qayta ishlash markazi faoliyatini modernizasiya qilish va kengaytirish borasida faol ish olib borilmoqda. Bu esa soliq organlarining mavjud axborot tizimlarini takomillashtirish asosida soliq ma`muriyatchiligi jarayonlarini qayta tashkil etish imkonini beradi.
Mazkur loyiha doirasida Jahon banki va Rossiya Federasiyasi Federal soliq xizmati bilan hamkorlik yo`lga qo`yildi.
Rossiya, Hindiston, Koreya, Fransiya, Ozarbayjon hamda Gruziya ekspertlari bilan esa Ma`lumotlarni qayta ishlash markazlarini kengaytirish masalalari muhokama qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo`lgan harakatlar strategiyasi belgilab olindi.
Shu bilan birga, davlat axborot tizimlarini yaratish va qo`llab-quvvatlash bo`yicha yagona integrator hisoblangan “Uzinfocom” bilan hamkorlikda Ma`lumotlarni qayta ishlash markazining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ishlab chiqilmoqda.
Mazkur markazni kengaytirish va soliq ma`muriyatchiligining texnologik jarayonlarini modernizasiyalash axborotni qayta ishlash muddatlarini qisqartirishga, qo`lda bajariladigan ishlarni avtomatlashtirishga va soliq to`lovchilarga xizmat ko`rsatish sifatini sezilarli darajada oshirishga zamin hozirlaydi.
Soliq tizimida ma`lumotlar boshqarilishini takomillashtirishning asosiy maqsadi jarayonlarni raqamlashtirish orqali tizimni to`liq avtomatlashtirishdan iborat.
Bugungi kunda Ma`lumotlarni qayta ishlash markazidan 11 ming nafardan ortiq davlat soliq xizmati organlari xodimlari foydalanadi.
Davlat soliq qo`mitasi bilan 53 ta vazirlik va tashkilotlar o`rtasida idoralararo axborot almashinuvi yo`lga qo`yilgan. 650 mingdan ortiq soliq to`lovchilar o`zlarining “shaxsiy kabinet”lariga ega.
Markazda bir soniyaning ichida 15 mingga yaqin ma`lumot yozish va o`qish bilan bog`liq operasiyalar amalga oshirilib, kunlik axborot hajmi o`rtacha 9,5 Gbdan oshmoqda. Soliq ma`lumotlarining umumiy hajmi esa 22 TBdan ziyodni tashkil etmoqda.
Davlat soliq qo`mitasi Ma`lumotlarni qayta ishlash markazida jamlanadigan ma`lumotlarni “big data” ko`rinishiga keltirishni maqsad qilib, bu yo`lda amalga oshiriladigan loyiha katta hajmdagi ma`lumotlarni qamrab olish va tahlil eta olish imkoniyatiga ega bo`ladi. Mazkur markazning kengayishi real vaqt rejimida qabul qilib olingan barcha ma`lumotlar oqimini birlashtirishga sharoit yaratadi.
Dunyo tajribasidan ma`lumki, katta hajmga ega raqamli ma`lumotlar bilan ishlaydigan vositalar va ishlarni tashkil qilish foydalidir. Xususan, katta ma`lumotlardan foydalangan holda, keng qamrovli tahlillarning amalga oshirilishi natijasida 2018 yilda Rossiya g`aznasiga qo`shimcha 345 mlrd. rubl kelib tushgan.
Mamlakatimizda “big data” asosida qo`shilgan qiymat solig`ini (QQS) to`lashni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish bo`yicha yirik loyihalarni ishga tushirish ko`zda tutilgan.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida hamda Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida xo`jalik yurituvchi sub`ektlar faoliyatida hisobvaraq-fakturani elektron usulda rasmiylashtirish tajribasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Yangi tizim yordamida QQS bo`yicha to`lovlar zanjiri deyarli real vaqt rejimida monitoring qilib boriladi. Ushbu tizim “soliq to`lovchi-kontragent” zanjiridagi uzilishlarni aniqlash imkonini beradi hamda soliq to`lashdan bo`yin tovlash holatlarining oldini oladi. Bu esa o`z navbatida, QQS bo`yicha to`lovlar hajmining oshishiga olib keladi.
Davlat soliq qo`mitasi tomonidan amaliyotga joriy etilayotgan yana bir istiqbolli loyiha – onlayn nazorat kassa mashinalari bo`lib, ularni joriy etilishi natijasida olingan katta hajmdagi ma`lumotlarni tahlil qilishda “big data” muhim vosita bo`lib xizmat qiladi.
Onlayn kassa apparatlarining o`ziga xos xususiyati shundaki, mahsulotning (xizmatning) miqdori va nomi, tarkibidagi QQS va boshqa tafsilotlar to`g`ridan-to`g`ri Davlat soliq qo`mitasining Ma`lumotlarni qayta ishlash markaziga kelib tushadi. Ma`lumotlarni onlayn tarzda tezkor monitoring qilib borilishi biznes sub`ektlari faoliyati shafofligini oshirishga, davlat soliq xizmati organlari va tadbirkorlar o`rtasida o`zaro ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi esa, ma`lumotlarni muntazam tahlil qilib borilishi tadbirkorlik sub`ektlarini qo`shimcha ravishda tekshirishga ehtiyoj qoldirmaydi.
Xulosa qilib aytganda, yirik hajmdagi ma`lumotlarni tahlil qilish soliq ma`muriyatchiligi samaradorligini oshirib, soliq to`lovchilar bilan o`zaro munosabatlarda yangi imkoniyalar eshigini ochadi. Bugungi kunda Davlat soliq qo`mitasi faoliyatining ustuvor yo`nalishlardan biri ham ilg`or axborot-kommunikasiya texnologiyalarini o`zlashtirish, yangi tahliliy vositalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga qaratilgan.
Shu bois Ma`lumotlarni qayta ishlash markazini modernizasiya qilish iqtisodiyotda xufiyona faoliyatlarni qisqartirishga, shafoflik darajasini oshirishga xizmat qiladi hamda biznes uchun teng raqobat sharoitini yaratishga katta turtki beradi.
Akmal NAZAROV,
Davlat soliq qo`mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar
va huquqiy axborot bo`limi davlat soliq katta inspektori






