AsosiyJamiyat

Rossiyada qahramonlik ko`rsatgan o`zbekistonlik yigit Toshkent Xalqaro aeroportida kutib olindi

'Rossiyada qahramonlik ko`rsatgan o`zbekistonlik yigit Toshkent Xalqaro aeroportida kutib olindi'ning rasmi

Kuni kecha O`zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari Toshkent Xalqaro aeroportida Rossiyada jasorat ko`rsatib, “Yaxshilik qilishga shoshiling” (“Speshite delat dobro”) medali bilan taqdirlangan Olamafro`z Abdullaevni kutib olishdi.

Yosh qahramonimiz 2018 yilning 31 dekabr kuni Magnitogorsk shahridagi turar-joy binosi portlashidan keyin o`z hayotini xavf ostiga qo`yib, yordam berishga oshiqqan va Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari kelgunga qadar vayronalar orasidan sakkiz kishini qutqarib qolgan. Yurtdoshimizning bu jasorati yuksak mukofotga loyiq topildi. 2019 yilning 6 fevral kuni Chelyabinsk viloyati (Rossiya) gubernatori Boris Dubrovskiy va hududning Inson huquqlari bo`yicha vakili Margarita Pavlova O`zbekiston fuqarosi Olamafro`z Abdullaevga tantanali ravishda “Yaxshilik qilishga shoshiling” (“Speshite delat dobro”) medalini topshirdi.

Faxriy yorliqda yozilganidek, vatandoshimiz «Rossiya Federasiyasining Konstitusiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va Inson huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi Evropa Konvensiyasi bilan mustahkamlab qo`yilgan inson va fuqaro huquq va erkinliklarini himoya qilish ishiga qo`shgan ulkan hissasi uchun» medal bilan taqdirlandi.

Medal Chelyabinsk viloyatidagi Inson huquqlari bo`yicha vakil tomonidan ta`sis etilgan bo`lib, har yili jamiyat uchun muhim ishlarni amalga oshirgan va og`ir turmush sharoitlariga tushib qolganlarga ko`maklashgan shaxslarga topshiriladi.

Bundan tashqari dovyurak yigitning mardonavor xizmati O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri va Bosh konsulxona vakillari tomonidan ham munosib rag`batlantirildi.

Suhbat davomida O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisio`rinbosari Begmat Ochilov Olamafro`zning insoniylik fazilatlari yoshlarga namuna bo`lishi, ular o`rtasida yaxshilik urug`ini yoyishi kerakligini ta`kidladi.

—O`sha kun kutilmagan ovozdan hodisa joyiga shoshildim. U erga yig`ilganlarning aksariyati yong`inni tasvirga olish bilan ovora edi. Binoning uchinchi, ettinchi, sakkizinchi va to`qqizinchi qavatlarida yong`in ko`tarilgandi. Shu dam uchinchi qavatdagi ayolga ko`zim tushdi-yu, o`sha xonadonga otildim. Ikkita yosh bola va bir ayolni yong`indan ko`chaga olib chiqdim. So`ngra, tepa qavatlarga ko`tarilib, u erdan ham5 nafar insonni alangadan qutqarib, xavfsiz joyga olib o`tdim, — deydi Olamafro`z Abdullaev. —Men bu ko`makni qahramonlik deya olmayman. Mening o`rnimda boshqa o`zbek yigiti bo`lganda ham insonlarni olovda jabrlanishini videotasvirga olgandan ko`ra, qutqaruvga kirishishni afzal bilardi. Axir, bu bizning insoniy burchimiz-ku. Bizga milliy qadriyatlarimiz orqali ko`makka muhtoj insonlarga beminnat yordam ko`rsatish odati singgan. Bu gaplarni Rossiyada medal bilan taqdirlashganlarida ham aytganman. To`g`risi o`sha kun, taqdirlash va Rossiyaning har qanday universitetiga talabalikka imtiyoz berilishidan biroz hijolat ham tortdim va bu imtiyozni rad etdim. Chunki, men u insonlarni o`z manfaatim uchun, talaba bo`lish uchun qutqarib qolmaganman. Vijdonim va ko`nglim buyurgan amalni bajarganman, xolos.

7 yildan buyon Rossiyada qurilish sohasida mehnat qilib kelayotgan vatandoshimiz sportning bir qancha turlari bilan muntazam shug`ullanib kelmoqda. Sog`lom turmush tarzi tarafdori bo`lgan dovyurak tengdoshimiz 2018 yil Rossiyada sportning “Kudo” va “Greppling” yo`nalishlari bo`yicha bir qancha muvaffaqiyatlarga erishgan. Kelgusidagi maqsadi esa O`zbekiston Milliy gvardiyasi qo`shinlari safida vatanga xizmat qilish. Olamafro`z joriy yilda O`zbekiston Milliy gvardiyasi harbiy-texnika institutiga o`qishga kirmoqchi.Qahramonimizga talabalik baxti muyassar bo`lishini tilab qolamiz.

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar