O`zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy bobomiz tavalludining 578 yilligi munosabatiga bag`ishlangan tadbirda akademik Abdulla A`zamning “Munojotnoma” nomli kitobi taqdimoti ham o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
– Abdulla A`zam adabiyotshunoslik ilmida birinchi bo`lib Alisher Navoiy g`azallarini matematik tahlil asosida o`rganib chiqdi. Kitobda Alisher Navoiyning nasriy munojoti talqin qilingan, – deydi yozuvchi Xurshid Do`stmuhammad.

Darhaqiqat, kitobda Alisher Navoiyning “Munojot” asari keng o`quvchilar ommasiga tahliliy uslubda taqdim etilgan. Shu maqsadda “Munojot”ning o`ziga xos vazni va qofiyasiga e`tibor qaratiladi, ancha erkin talqin qilingan sharhlar, izohlar va ayrim qo`shimcha ma`lumotlar keltiriladi. Kitobda Navoiy asarini mustaqil o`qish qulay bo`lishi uchun lug`at va sharhlar “Munojot”ga tegishli bandlari bilan yonma-yon joylashtirilgan.

Shuningdek, tadbirda “El netib topg`ay menikim...” nomli adabiyotlarning ochiq ko`rgazmasi ham tashkil etilgan. Unda Alisher Navoiy asarlariga sharhlar, uning hayoti va ijodiy faoliyatiga, falsafiy fikrlariga oid turli yillarda chop etilgan kitoblar, bobomizning dunyo tillariga tarjima qilingan asarlari, hikmatlari namoyish qilindi.








