AsosiyJamiyat

Kutubxona bahona cho`ntagini to`ldirishga uringan olg`ir

Shu yilning 11 iyuni. Savlat bilan eshikdan kirib kelgan kimsa atrofga razm solar ekan, "Durust, demak, Kogon maishiy xizmat kasb-hunar kolleji..." dedi ovozini chiqarib. U bilan kelgan hamrohi bu izohga tushunmagani uchun indamadi. Mehmonlarga kollej direktori peshvoz chiqdi.

— "Media plyus" gazetasining viloyat muxbirlari bo`yicha bosh koordinatori Ulug`bek Ahrorovman, — o`zini tanishtirdi mehmon. — Bu kishi esa gazetamiz muxbiri. Bosh muharrirning topshirig`i bilan "Sog`lom bola yili" Davlat dasturining joylardagi ijrosini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni gazetamiz sahifalarida yoritish uchun xizmat safari bilan kelgandik.

Direktor hushyor tortdi.

— Kollejni bir aylanib, ishlaringiz bilan tanishsak, — dedi koordinator gap ohangiga rasmiy tus berib. — Kutubxona qaerda?

Kollej kutubxonasiga kirgan U.Ahrorov kitoblarni birma-bir ko`zdan kechirdi.

— Bu nima ahvol? Kitoblarga chizilgan, Davlat dasturi ijrosiga munosabatlaringiz shundaymi?

Direktor sarosimaga tushdi. Ularni o`z xizmat xonasiga taklif qilib, bafurja gaplashmoqchi bo`ldi.

— Siz mashinaga borib, kutib turing, — buyurdi hamkasbiga U.Ahrorov va direktorga ergashib, uning xonasiga kirarkan, balanddan keldi. — Kutubxonangizdagi kitoblarning ahvoliga qarab bo`lmaydi. Dastur ijrosi qoniqarsiz. Buni tegishli idoralarga ma`lum qilamiz, gazetada ham yoritamiz. Kollejingizning obro`siga putur etishi tayin.

Direktorning "paytavasiga qurt tushdi". O`ziningmi yoxud kollejning obro`si tushishidan qo`rqibmi, har tugul mehmonni murosaga keltirishga urindi.

— Aka, gazetaga yozib o`tirmang, kamchiliklarimizni ikki kunga qolmay to`g`rilaymiz. Hozirgi bolalarni bilasiz, juda sho`x, qancha nazorat qilmaylik bitta-yarimtasi kitobga hurmatsizlik qilib chizishibdi-da...

Mehmon biroz yumshab, gapni ustalik bilan pulga taqadi.

— Qancha bera olasiz?

Direktor cho`ntagini kavlab, borini stol ustiga chiqardi. 50 AQSh dollari-yu 100 ming so`m. Ahrorov pullarni olib, cho`ntagiga solgancha o`rnidan qo`zg`aldi.

— U yoq-bu yoqqa qarang, kamchiliklarni tuzating. Yana birov tekshirishga kelsa, ortiqcha gap-so`zga qolib yurmang, — deya nasihat qilgan bo`ldi.

Uning keyingi mo`ljali Kogon maktabgacha ta`lim va xizmat ko`rsatish kasb-hunar kolleji bo`ldi.

— Kollejimiz rahbari ish bilan chiquvdilar, — dedi kasbiy ta`lim bo`yicha direktor o`rinbosari.

U.Ahrorov tashrifining maqsadi Davlat dasturi ijrosini o`rganish ekanligini aytib, bilim yurtlarining "nozik tomoni"ni topgandek, bu erda ham "tekshirishni" kutubxonadan boshladi. Sahifalariga chizilgan uch-to`rtta kitobni suratga tushirib, dag`dag`a qilishga o`tdi. Shu payt kollejning ma`naviyat va ma`rifat ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari kirib keldi.

— Xizmat xonamga o`taylik, kollejimizda ancha ijobiy ishlar qilingan, ularni ham ko`zdan kechiring, — dedi o`rinbosar.

U.Ahrorov hamrohini mashinaga jo`natib, o`zi o`rinbosar bilan uning xonasiga kirdi.

— Bu vazifaga tayinlanganimga bir oylarcha bo`ldi. Xato-kamchiliklarimizni, albatta, tahlil qilib, tuzatamiz.

— O`zingizni oqlashga urinmang, birgina kutubxonada ko`rganlarim kattagina material qilishga arziydi. Kollej sha`niga befarq bo`lmasangiz, kelishib olishimiz mumkin.

O`rinbosar uning shamasini tushundi.

— Qancha bersak bo`ladi?

O`rinbosar qarmog`iga ilinganidan quvongan U.Ahrorov nafsini kattaroq qo`ydi.

— Yuz ko`kidan yoki 300 ming so`m.

— Lekin yonimda buncha mablag` yo`q edi.

U.Ahrorov labini burgancha, kinoyali qarab turaverdi. O`rinbosar "mehmonning izzatini joyiga qo`ymasa", qutulmasligini o`ylab, rozi bo`ldi.

— Siz shu erda o`tirib turing, men tez qaytaman.

Oradan qirq daqiqalarcha vaqt o`tib, o`rinbosar aytilgan mablag`ni topib kelib, U.Ahrorovning qo`liga tutqazdi.

Kollej eshigidan chiqqan "mehmon"ni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ashyoviy dalil bilan qo`lga oldilar.

Tergov jarayonida U.Ahrorov pullarni go`yo gazeta obunasi uchun olganini aytib, xatti-harakatini izohlashga urindi. Ammo, muqaddam ham tovlamachilik uchun tegishli jazoga tortilgan va jazoni to`liq o`tagan U.Ahrorovning vajlari tosh bosmadi. U besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

manba: huquq-gazeta.uz

    Boshqa yangiliklar